Haysam Ibn Kulayb ash-Shoshiy
Bu maqolada manbalar <ref></ref> teglariga olinmagan yoki umuman koʻrsatilmagan. |
Haysam Ibn Kulayb Ashshoshiy, Imom ash-Shoshiy (toʻliq ismi Abu Saʼid al-Haysam ibn Kulayb ibn Surayj (Shurayh) ibn Maʼqil ash Shoshiy al-Binkatiy at Turkiy al-Adib) (tugʻilgan sanasi nomaʼlum, vaf. 335/947) — yirik muhaddis. Shosh viloyatining markazi Binkasda tugʻilgan. U IX asrning 2-yarmi — X asr boshlarida Movarounnahr va Xurosonda hadis ilmi rivojlangan oltin davrda yashagan. Ilm-maʼrifat oʻrganish maqsadida Buxoro, Samarqand, Nasaf va Termiz kabi shaharlarda boʻlib, buyuk muhaddis Abu Iso Muhammad at-Termiziy va boshqalardan saboq olgan. Shuningdek, xorijiy mamlakatlarga ham safar qilib, Balxda Zaka-riyo ibn Yahyo ibn Asad al-Marvaziy, Iso ibn Ahmad al-Asqaloniy, Bagʻdodda Abbos ibn Muhammad ad-Duriy, Yahyo ibn Jaʼfar az-Zabarqon kabi mashhur olimlardan taʼlim olgan va koʻplab shogirdlar yetishtirgan. Uning ustozlari juda koʻp boʻlib, ellikdan ortiq mashhur olimu mashoyixlardan hadis oʻrgangani haqida manbalarda maʼlumot bor.
Haysam ibn Kulayib Shoshiyning eng mashhur ustozlaridan termizlik buyuk muhaddis Abu Iso Muhammad at-Termiziy, makkalik Abul Hasan al-Bagʻoviylarni koʻrsatish mumkin. Oʻz navbatida, H.K.Shoshiy koʻplab shogirdlar yetishtirgan. Ular orasida Abu Abdulloh Muhammad ibn Ishoq ibn Manda al-Isfaxoniy, Abulqosim Ali ibn Ahmad ibn Muhammad bn al-Hasan al-Xuzʼoiy, Abu Nasr al-Buxoriy al-Kalaboziy, Mansur ibn Nasr ibn Abdurahim as-Samarqandiy kabi taniqli olimlar bor.
Shoshlik muhaddis ilmiy faoliyatining aksar qismi Buxoro va Samarqand shaharlarida kechgan, chunki uning koʻp shogirdlari shu shaharlarda yashagan. Haysam ibn Kulayb Shoshiy umrining oxirgi yillarida Buxoroda istiqomat qilib, keyin Shoshga kelgan va hijriy 335 (milodiy 947) yilda vafot etgan. Oʻrta asr arab mualliflari yurtdoshimiz nomini «Imom ash-Shoshiy» deya tilga oladi.
Hadislarga oid "al-Musnad" ("al Musnad al-Kabir") asari bor. Mazkur asar 1992-yil doktor mahfuz ar-Rahmon Zaynulloh tomonidan tadqiq etilib, bir necha jildi madinada nashr etilgan.
Manbalar
tahrirHavolalar
tahrir- I.Usmonov, Ilmiy maqolalar toʻplami. Tarix. 342-343 betlar. Yosh olimlar ilmiy maqolalari toʻplami. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va Oʻrta Taʼlim Vazirligi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti. 2014.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |