Hazrat Shayx Habibulloh Jo‘yboriy
Hazrat Shayx Habibulloh Jo‘yboriy — (?—1718) — alloma va avliyo. Hazrat Shayx Habibulloh Jo‘yboriy buyuk avliyo, tarbiyachi, alloma boʻlgan. U Naqshbandiya tariqati rivojiga muhim hissa qo‘shgan, Shayx Habibulloh toʻgʻrisida juda ko‘p manbalarda, inchunin, „Risolai Aziza“ — „Sabotul ojizin“ sharhi kitobida maʼlumot bor[1]. Naql etilishicha, Buxoro ulamolari Hazrat Habibullohni podshohga yomonlab: „Bu johil, nodon, lekin shayxlik daʼvo etib, o‘nlab odamlarni yo‘ldan ozdirmoqda!“ — deydilar. Podshoh katta ziyofat tashkil etib, barcha ulamolarni Arkda yiqqan. Ovqatdan faqat Shayx Habibulloh tanovul qilmaydilar. Podshoh sababini so‘raganda, Hazrat: „Ovqat haromdur, shu bois uni yemadim!“ — deydilar. Podshoh: „Hamma ulamolar yemoqda-ku!“ — deganda, Hazrat Habibulloh: „Bu olimlar tunu kun harom narsa yegan, shu sabab ularning qalbidan nuri hikmat ketgan! Ular farosati o‘lgandur. Podshohim, uch kun bo‘lganki, bir kanizagingiz harom o‘lgan tovuqni quduqqa tashlagan. Taftish aylang. Ushbu quduq suvidan keltirib mening eshagimga bering. Ul aslo ichmas“ — dedilar. Darhol quduq suvidan keltirib Xabibullohning eshaklariga berdilar, eshak ichmadi. Boshqa quduqdan keltirib berilgan suvni qonib ichdi. Podshoh taftish etsa, darhaqiqat, quduqdan o‘lik tovuq chiqdi. Mana shu harom suvdan ovqat pishirilgan ekan. Shayx Habibullohning bu karomatlarini ko‘rib, podshoh va barcha arkoni davlat u kishiga murid bo‘ldi, fitnachilar sharmanda bo‘ldi. Abdulaziz Xoja Amir Kuloliyniig „Tazkirai mashoyixi mutaaxxirini Buxoro“ nomli kitobida ko‘plab avliyolar qatorida Hazrat Shayx Habibulloh haqlarida ham maʼlumotlar berilgan. Hazrat Shayx Habibullohning So‘fi Olloyor, Xoja Davlat, Xoja Nihol kabi yetuk shogirdlari bo‘lgan. Shayx Habibulloh 1718-yil Buxoroda vafot etgan va uning qabri Shayxul Olam mozoridadir[2].
Avliyo | |
---|---|
Ism |
Hazrat Shayx Habibulloh Jo‘yboriy |
Tavalludi |
|
Vafoti |
1718-yil |
Falsafa maktabi |
|