Ushbu maqola shoir haqidadir; matematik haqidagi maqola uchun Heinrich Eduard Heine ga qarang.

Christian Johann Heinrich Heine (13 dekabr, 179717 fevral, 1856) olmon jurnalisti, esseisti hamda shoiri boʻlgan. U ayniqsa oʻzining lirik sheʼrlari bilan mashhur boʻlgan. Uning sheʼrlariga koʻplab qoʻshiqlar bastalangan. Bonn, Göttingen, Berlin universitetlarida oʻqigan (1819-1825). Birinchi sheʼriy toʻplami "Qoʻshiqlar kitobi" (1827) romantizm ruhida yozilgan boʻlib, unda nemislar hayotidagi meshchanlik, xudbinlik qoralanadi. Keyingi "Yoʻl manzaralari" (1826-1831) nasriy asarida ham shu yoʻnalishni davom ettirib, inson erki, shaxsini xoʻrlovchi tartiblarga qarshi chiqadi, bu tartiblarni himoya qiluvchi kuchlarni, davlat idoralarini tanqid qiladi. Shundan soʻng, Heine Germaniyaning hukmron doiralari bilan kelisha olmay, 1831-yilda Parijga ketishga majbur boʻladi va u yerda umrining oxirigacha siyosiy mahbus sifatida yashab qoladi. "Fransuz ishlari" (1832), "Lyutesiya" (1854) kitoblari fransuz siyosiy hayotining yilnomasidan iborat. 1843-1844 yillarda yozilgan "Zamonaviy sheʼrlar", shuningdek , "Atta Troll" (1842), "Germaniya. Qish ertagi" (1844) poemalari oʻz davrining ilgʻor asarlari sirasiga kiradi . "Atta Troll" majoziy doston boʻlib, "hayvonlar eposi" tarzida yozilgan, oʻtkir hajviy yoʻnalishga ega. Bunda Pireneya togʻlarida yashovchi xalq siymosida nemis meshchanlari va soxta inqilobchilar fosh qilingan. "Germaniya" dostonida esa ogʻir mehnat bilan yashayotgan nemis ishchilarining obrazi tasvirlangan. Shoirning ijodiy faoliyatida muhim ahamiyatga ega boʻlgan "Romansero" (1851), "Eʼtirof" (1854) sheʼriy kitoblari ham mavjud. Heinening asarlari 20-yillarda Choʻlpon, 30-yillarda Mirtemir va 1997 - yilda Abdulla Sher tarjimasida oʻzbek tilida nashr qilingan[1].

Heine (1831)
Reisebilder, 1831

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil