Herbert A. Simon
Herbert Alexander Simon (15-iyun 1916, AQSH, Milluoki, Viskonsi shtati — 9-fevral 2001) — amerikalik iqtisodchi. Chikago universitetini tugatgan. Illinoys texnologik instituti va Karnegi-Mellon universitetlarida oʻqituvchi (1949-yildan). Uning ilmiy tadqiqotlari hozirgi zamon iqtisodiyot fanining tashkilot (firma)larda qarorlar qabul qilish nazariyasi, menejment, evristik dasturlashtirish sohalariga bagʻishlangan. "Maʼmuriy xulq" (1947) asarida firma nazariyasini rivojlantirdi va qarorlar qabul qilish nazariyasini asoslab berdi. Amadda zamonaviy firma boshqaruvchilar guruhi tomonidan boshqariladigan, mulk ham, nazorat ham taqsimlangan yirik iqtisodiy birliqdan iborat. Firma qarorlari, yangi davrda klassik yakka tadbirkor oʻrniga oʻzaro hamkor rahbarlar guruhi tomonidan qabul qilinadi va bunday qarorlarda har bir aʼzoning manfaati yotadi. Alohida firmalar foydani maksimallashtirishga emas, balki muammolarning maqbul yechimlarini topishga intiladilar. Qarorlar qabul qiluvchi guruh eng muqobil yechimni tanlay olmagani sababli qoniqarli muqobil qarorlar bilan qanoatlanishlari lozim. Nobel mukofoti laureati (1978).[1][2]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |