Hofiz Ibrohim
Bu maqolaning betarafligi shubha ostidadir. Batafsilroq maʼlumot uchun maqola munozarasiga qarang. |
Hofiz Ibrohim — Misr yangi mumtoz sheʼriyatining namoyandalaridan biri. U Ahmad Shavqiyning zamondoshi va doʻsti edi. Ahmad Shavqiydan uch yil keyin 1871 yilda tugʻilgan Hofiz Ibrohim bilan bir yilda (1932) vafot etgan. Ijodda maslakdosh boʻlgan ikki shoirning hayot yoʻli bir-biridan katta farq qiladi. Agar Shavqiy Qohirada zodagon oilasida tugʻilib, yoshligidan hayotning barcha neʼmatlaridan bahramand boʻlib, tahsil olish uchun Yevropaga yuborilgan boʻlsa, Hofiz Yuqori Misrning Deyrut nomli kichkina shaharchasida kambagʻal oilasida tugʻildi va yoshligida otadan etim qolib, hayotning ogʻir tashvishlarini boshidan kechirdi.1888 yilda Qohiradagi harbiy bilim yurtiga kirdi va 1891 yili kichik zobit unvonida uni bitirib chiqdi. 1896 yilda ingliz generali Kitchener boshchiligidagi ingliz va misrliklardan tashkil topgan armiya safida Sudanga yuborildi. Hofizning harbiy xizmati ogʻir oʻtdi. Armiyada hukm surgan qoʻpol munosabatlar, ayniqsa, ingliz qoʻmondonining misrliklarga nisbatan oʻzlarini takabburona tutishlari va mensimasdan muomalada boʻlishlari Hofizning nozik tabiatiga qattiq botardi va nafrat tuygʻusini uygʻotardi. Harbiy bilim yurtida sheʼrlar yoza boshlagan Hofiz, Sudandan Qohiradagi doʻstlariga askar hayotidan shikoyat qiluvchi koʻp hazin sheʼrlar yoʻllardi. Shoir inglizlarning Sudanga qilgan harbiy yurishining haqiqiy maqsadi Sudanni ozodlikdan mahrum qilish va yangi mustamlakaga ega boʻlish ekanini yaxshi anglagan edi. Hofiz Ibrohim shoir sifatida mumtoz sheʼriyat namunalari taʼsirida shakllandi. U, ayniqsa, abbosiylar xalifaligi davridagi shoirlarga alohida mehr qoʻygan edi. Abu Nuvos, Abu Tammom, al-Buxturiy, Ibn ar-Rumiy, Abu-l-Alo al-Maarriy kabi IX-XI asrlarda ijod qilgan shoirlarning sheʼrlarini yod olib, ifodali oʻqishdan charchamas edi. Qadimgi shoirlardan u sheʼr shakllarini, jarangdor qofiyalar tanlashni, vaznlarda muvozanat saqlashni va boshqa sheʼriy texnika fazilatlarini oʻrgandi.1901-yilda uning birinchi she'riy to'plami chop etildi. 1937-yilda barcha she'rlari to'planib chop etildi.Hofiz Ibrohim Misrdagi joʻshqin vatanparvar siyosiy doiralarga yaqinlashdi. Bu doiralarda Mustafo Komil, Saʼd Zagʻlul, Qosim Amin, Hasan Osin, Mahmud Sulaymon kabi milliy-ozodlik harakatining sarkardalari qatnashar edilar. Ularning faoliyati taʼsirida shoirning dunyoqarashi shakllandi. Koʻp oʻtmay yosh shoir oʻzining vatanparvarlik ruhi bilan sugʻorilgan sheʼrlari bilan keng jamoatchilik ichida tanila boshladi. Shuning uchun koʻp oʻtmasdan u muxlislar tomonidan „shoir al- Nil“ — „Nil shoiri“ unvoniga sazovor boʻldi, bu ibora haqiqiy Misr shoiri maʼnosida ishlatilardi.
[1]Krimskiy A.Ye. Istoriya novoy arabskoy literaturi. S.675.
- ↑ شوقى احمد، الشوقيات. ص 34