Hukumat
Hukumat — davlatning oliy kollegial ijroiya organi[1][2][3][4]. Hukumat turli mamlakatlarda turlicha nom bilan ataladi: Vazirlar Kengashi (Fransiya, Italiya, Polsha), Vazirlar Mahkamasi (Buyuk Britaniya, Oʻzbekiston), davlat kengashi (XXR) va hokazo. Hukumat partiyasiz, bir partiyali va koalitsion boʻlishi mumkin. Hukumat tuzish tartibi boshqaruv shakliga bogʻliq boʻladi. Parlamentar mamlakatlarda hukumatni davlat boshligʻining topshirigʻiga koʻra bir palatali parlamentda yoki ikki palatali parlementning quyi palatasida koʻpchilik oʻringa ega boʻlgan partiyaning yetakchisi (koalitsion hukumatda partiyalar yetakchilaridan biri) — tomonidan shakllantiriladi. Prezidentlik respublikalarida hukumat prezident tomonidan shakllantiriladi, bunda bir qator mamlakatlarda (Belorussiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va boshqalar) prezident tomonidan tayinlangan hukumat aʼzolarining har biri parlament tomonidan tasdiqlanishi kerak. Hukumat aʼzolari (vazirlar, davlat kotiblari va boshqalar) davlat boshqaruvining muayyan markaziy idoralariga boshchilik qiladilar. Parlamentar mamlakatlarda ular, odatda, parlement aʼzolari boʻlishi kerak, prezidentlik respublikalarida va qoidaga koʻra, yarim prezidentlik respublikalarida ham vazirlik lavozimi va deputatlik mandatini birga qoʻshib olib borish mumkin emasligi qoidasi amal qiladi. Parlamentar davlatlarda hukumat parlament oldida (ikki palatali parlementda quyi palata oldida) kollegial tarzda javobgar boʻladi. Parlamentdagi koʻpchilik tarqalib ketganda (masalan : hukumat koalitsiyasi boʻlganda) hukumat isteʼfoga ketishi kerak yokl parlament tarqatib yuborilib, muddatidan ilgari saylovlar oʻtkazish lozim boʻladi. federativ davlatlarda markaziy hukumat va federatsiya tarkibiga kiruvchi davlat tuzilmalari (shtatlar, viloyatlar) hukumati mavjud boʻladi. Hukumat yoki toʻliq tarkibda ishlashi mumkin, yoki hukumat boshligʻi tor kollegiya (Buyuk Britaniya, Hindiston va boshqa mamlakatlarda kabinet) tuzadi. Hukumat oʻz tarkibidan yordamchi hukumat qoʻmitalari tashkil etishi mumkin. Hukumat qarorlari siyosiy direktivalar tusida ham, normativ hujjatlar yoki qonun loyihalari koʻrinishida ham rasmiylashtiriladi (odatda alohida vazirliklar tomonidan ishlab chiqiladi), keyin parlament tasdigʻiga kiritiladi.
Oʻzbekistonda hukumat Vazirlar Mahkamasi deb nomlanadi. U ijtimoiy hayotning barcha sohalariga rahbarlik qiladi. Hukumat tarkibi Prezident tomonidan shakllantiriladi (yana qarang Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi).
Manbalar
tahrir- ↑
Экономика. Толковый словарь. Muharrir(lar) д. э. н. Осадчая И.М Mamlakat Москва Nashr etilgan sanasi 2000 Nashriyot ИНФРА-М - ↑
Юридический словарь Muallif(lar) И. С. Масликов Nashr etilgan sanasi 2010 Nashriyot Дашков и Ко ISBN 978-5-394-01098-9 - ↑
Современный толковый словарь русского языка. В 3 томах Muallif(lar) Т. Ф. Ефремова Muqova artist(lar)i 3 Nashriyot АСТ ISBN 5-17-035822-9 - ↑
Большой энциклопедический словарь Muharrir(lar) A.M. Proxorov Nashr etilgan sanasi 2002 Nashriyot Большая Российская энциклопедия ISBN 5-85270-160-2
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |