Iberiya betaraflik pakti, shuningdek, doʻstlik va hujum qilmaslik toʻgʻrisidagi ispani-portugal shartnomasi (portugalcha: Tratado de Amizade e Não Agressão Luso-Espanhol; ispancha: Pacto Ibérico) — Portugaliya va Ispaniya oʻrtasida 1939-yil 17-martda Lissabonda imzolangan pakt. Paktga qoʻshimcha protokol Fransiya qulaganidan keyin 1940-yil 29-iyulda imzolandi. U 1978-yilga qadar, yaʼni 1977-yilda Ispaniya va Portugaliya oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik shartnomasi[1] kuchga kirgunga qadar amal qildi.

Avvalgi voqealar

tahrir

Ispaniyadagi fuqarolar urushi paytida Salazar Frankoning fashistik kuchlarini qoʻllab-quvvatladi, ammo Italiya-Germaniya koalitsiyasidan oʻzini alohida tutdi. Fuqarolar urushidagi tarozi asta-sekin Franko foydasiga tosh bosdi. Salazar sotsializm va kommunizmga faol qarshi chiqqani uchun ham Franko rejimini qoʻllab-quvvatladi. Bundan tashqari, koʻplab ispan siyosatchilaridan farqli oʻlaroq, Franko mustaqil Portugaliyaga qarshi chiqmadi. 1938-yil 28-aprelda Salazar Milliy Assambleyada Frankoist Ispaniyaning diplomatik tan olinishini, shuningdek, Franko rejimining qonuniyligini eʼlon qildi. 1938-yil 20-sentabrda Salazar Portugaliyasida Frankoist Ispaniyaning elchixonasi ochildi, Pedro Teotonio Pereyra elchi etib tayinlandi.

Tarixi

tahrir

Uzoq davom etgan muzokaralardan soʻng 1939-yil 17-martda Lissabonda shartnoma imzolandi. 1939-yil 14-aprelda Italiyaning Lissabondagi elchisi Portugaliyani Germaniya, Italiya va Ispaniyaning Antikomintern paktiga qoʻshilishni taklif qildi, ammo bu taklif rad etildi.

Hujjatga muvofiq, Ispaniya va Portugaliya bir-birining chegaralarini tan oldi, doʻstona munosabatlar oʻrnatdi va bir-biriga yordam berishga, tashqi siyosatni muvofiqlashtirishga vaʼda berdi[2]. Shartnoma Portugaliya va Ispaniya oʻrtasidagi munosabatlarda burilish nuqtasi boʻldi.

Buyuk Britaniya ham ushbu pakt boʻyicha muzokaralarni faol qoʻllab-quvvatladi va shu yoʻl orqali Germaniya va Italiya bilan hujum qilmaslik toʻgʻrisida shartnoma imzolanishiga umid qildi. 1940-yil 29-iyulda Fransiya taslim boʻlganidan keyin Lissabonda Portugaliya va Ispaniya oʻrtasidagi doʻstlik va hujum qilmaslik toʻgʻrisidagi shartnomaga qoʻshimcha protokol imzolandi, bu esa yarimorolning betarafligini tasdiqladi.

Oqibatlari

tahrir

Frankoning Gitlerga xayrixohligini hisobga olgan holda, bu shartnoma Ispaniya va Portugaliyaning Ikkinchi jahon urushida toʻliq betarafligini taʼminlagan boʻlishi mumkin.

Salazar va Franko tuzumlari qulagandan soʻng, ikki davlat 1977-yilda yangi doʻstlik va hamkorlik shartnomasini imzoladilar[1].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 „Pacto Ibérico - prodigy MSN Encarta“ (2007-yil 10-noyabr). 2007-yil 10-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 21-yanvar.
  2. „Geopolítica crítica: el Pacto Ibérico de 1939“. www.ub.edu. Qaraldi: 2017-yil 21-yanvar.

Adabiyotlar

tahrir
    • ARQUIVO HISTÓRICO DIPLOMÁTICO DO MINISTÉRIO DOS NEGÓCIOS ESTRANGEIROS. Pso. 2, Arm. 48, Maço 269. Relaçoes políticas com a Espanha. 1938—1953. Lisboa.
    • MORADIELLOS, Enrique. España y la Segunda Guerra Mundial en Memoria de la Segunda Guerra Mundial. Madrid. El País. 1995. pp. 52-83.
    • RODRÍGUEZ, R. Geopolítica crítica: el Pacto Ibérico de 1939. Geo Crítica / Scripta Nova. Revista electrónica de geografía y ciencias sociales. Barcelona: Universidad de Barcelona, 1 de octubre de 2005, vol. IX, núm. 198. <http://www.ub.es/geocrit/sn/sn-198.htm> ISSN 1138-9788.

Havolalar

tahrir