Ichak – odam va hayvonlarda ovqat hazm qilish sistemasining bir boʻlimi; hazm yoʻli boʻlimlarga ajralgan organizmlarda (halqali chuvalchanglar, mollyuskalar, boʻgʻimoyoqlilar, barcha umurtqalilarda, jumladan, odam ham) hazm yoʻlining meʼdadan keyin keladigan qismi. Asosan, sut emizuvchilar ichagi murakkab tuzilgan. Odam ichagi 4,5–9 m ga yetadi. U asosan, qorin boʻshligʻi va qisman kichik chanokda joylashgan.

Ichakda ovqat uzluksiz harakatlanib hazm boʻladi, oziq moddalar qonga soʻriladi, hazm boʻlmagan ovqat qoldiqlari najasga aylanadi. Ichak devori, asosan, 3 qavat. Ichki qavat – shilliq parda, undagi hazm bezlaridan hazm shirasi va shilimshiq chiqadi; shu parda orqali oziq moddalar qonga soʻriladi; bu parda kasallik mikroblariga halokatli taʼsir eta oladi. Ichak devoridagi ayrim limfa tugunlari va ularning toʻplamlari ham mikroblardan himoya qilish vazifasini oʻtaydi. Oʻrta qavat – halqa shaklida (ichki) va uzunasiga (tashqi) yotgan silliq muskullardan iborat, ular toʻlqin shaklida halqasimon qisqarib, ovqatning aralashishiga, hazm shirasini soʻrib olishiga va orqa chiqaruv teshigiga tomon surilishiga yordam beradi. Ichak bezlaridan shira ajralishini va peristaltikani Ichak devoridagi nerv apparati tartibga soladi; ovqatning normal kimyoviy tarkibi oʻzgarganda va ayniqsa, ichakka zararli moddalar tushganda ichak sekretsiyasi va peristaltikasi oʻzgarib, zararli moddalarning suyulishiga va tezroq ajralishiga yordam beradi. Tashqi seroz qavat – qorin pardasi ichak qovuzloqlarining sirgʻanishini osonlashtiradi. Qorin pardasidan hosil boʻlgan ichak tutqich yordamida ichak qorinning orqa devoriga yopishib turadi.

Odamda ichak ancha uzun boʻlib, 2 qism: ingichka ichak va yoʻgʻon ichakdan iborat. Odam ichagi qorin boʻshligʻi va kichik chanoqni toʻldirib turadi, jigar va meʼdadan pastda yotadi. Oldingi tomondan ichakni katta charvi berkitib turadi. Ichak devorlari qon va limfa tomirlari, limfa elementlari, bezchalar hamda nervlarga boy. Ichak faoliyati nerv va gumoral mexanizmlar orqali boshqariladi. Odam va koʻpgina hayvonlar ichakda turli mikroorganizmlar (ichak florasi) boʻladi. Ichak kasalliklaridan appenditsit, kolit, proktit, enterit, enterokolit, ichak buralishi va ichak oʻsmasi koʻproq uchraydi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil