Ichak tutilishi - ichak harakat faoliyatining keskin buzilishi bilan ifodalanadigan ogʻir kasallik. Ichakning toʻla yoki qisman tutilishi, shuningdek, kechishiga koʻra, oʻtkir (ichakdan ovqatning surilmay birdan turib qolishi) yoki surunkali (ovqat massa-sining oz-ozdan, bora-bora butkul oʻtmay qolishi) ichak tutilishi farq qilinadi. ichak tutilishining dinamik va mexanik xili bor. Dinamik ichak tutilishi ichak harakatining buzilishi, baʼzan ichak peristaltikasining toʻxtashi sababli (paralitik shakli), baʼzan ichakning tortishib qisqarishi (spazm) tufayli roʻy beradi. Chandiqlar, oʻsma, poliplar, oʻt yoʻlidan ichakka tushgan toshlar, ichakka tushgan yot jismlar, yon aʼzolardagi oʻsmalarning ichakni siqib qoʻyishi va b. mexanik ichak tutilishiga sabab boʻladi. Uzoq vaqt och yurib haddan ziyod koʻp ovqat yeyish, ichak shilliq qavatidagi yalligʻlanish jarayonlari (kolit, enterokolit), shuningdek, ichak peristaltikasini kuchaytiradigan dizenteriya, ichakning buralib bir-biriga kirib qolishi ham ichak tutilishiga olib kelishi mumkin. Qorin sohasida qattiq ogʻriq turishi, ichak peristaltikasining kuchayishi, qayt qilish, qorin dam boʻlib ich kelmay qolishi, qon bosimining pasayishi, puls tezlashishi ichak tutilishiga xos alomatlardir. Davo zudlik bilan jarrohlik usulini qoʻllashdan iborat. Shifokor kelgunga qadar oʻz bilgicha issiq yoki turli dori-darmonlar qilish yaramaydi, aks holda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil