Idioma (grekcha: ἴδιος — „xususiyat“, „oʻziga xoslik“) — frazeologizmlar turi; muayyan bir tilga xos boʻlib, boshqa tillarga aynan tarjima qilib boʻlmaydigan nutq birligi yoki ibora: „dumi hurjun“, „semizlikni qoʻy koʻtaradi“, „tili bir quloch“ kabi. Idioma soʻz birikmalaridan: („ikki qoʻlini burniga tiqib“, „butun mahallani boshiga koʻtarmoq“), etimologik va tarixiy maʼlumot talab etuvchi soʻzlardan („gap desang qop-qop, ish desang Koʻhi Qofdan top“, „Daqqi Yunusdan qolgan“ va hokazo), etimologik isbotlash, asoslash qiyin boʻlgan soʻz va iboralardan („oyogʻini qoʻliga olib“, „biti toʻkildi“) iborat boʻlishi mumkin. Idiomalar, odatda, koʻchma maʼnoga ega boʻladi va badiiy adabiyotda kinoya, krchi-riq maʼnoli obrazlilikni yaratuvchi vositalardan biri sifatida qoʻllanadi. Idiomalarni boshqa tilga oʻgirishda ularning oʻsha tildagi muqobilini topish kerak boʻladi. Masalan, rus tilidagi „Kak ni kormi volka, on vsyo v les smotrit“ idiomasi oʻzbek tilidagi „Qazisan, qartasan, oxir aslingga tortasan“ idiomasiga mazmunan mos keladi. Tilda bunday muqobil idioma topilmasa, uning mazmuni erkin yoki soʻzma-soʻz tarjima qilinadi. Masalan, „I na nashey ulitse budet prazdnik“ — „Bizning koʻchada ham bayram boʻlajak“ kabi.

Adabiyotlar

tahrir