Ijtimoiy psixologiya - kishilarning ijtimoiy guruhlarga birlashishini, guruhiy tavsifni, shaxsning ruhiy faoliyati va xulq-atvorini, ijtimoiy psixologik qonuniyatlar, holatlar, hodisalar, ijtimoiy o'rnatilishini kabilarni tadqiq qiluvchi psixologiya sohasi. Avvallari ijtimoiy psixologiyada voqeiylik falsafiy nuqtai nazardan oʻrganilib kelingan, lekin shaxs, guruh, jamoa munosabatlari qamrab olinmagan. Ijtimoiy psixologiya faniga umumiy psixologiya, sotsiologiya, antropologiya, etiologiya, kriminologiya, falsafa kabi fanlar asos boʻlib xizmat qilgan. 19-asrning 2-yarmida ijtimoiy psixologiyani fan sifatida rivojlantirishga ilk urinishlar boshlangan. Jahon jamoatchiligi tomonidan ijtimoiy psixologiya 1908-yildan fan sifatida tan olingan. Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda AQSH va boshqa mamlakatlarda psixologiya muammolari yuzasidan tadqiqotlar oʻtkazila boshlandi. Ayniqsa, AQShda Kotorning oʻtkazgan tajribasi, E.Meyoning izlanishlari ijtimoiy psixologiya tarixida muhim rol oʻynadi. Bu tadqiqotlarga kichik guruhlar asosiy obyekt qilib olingan tajribalar oʻtkazilgan. Ijtimoiy psixologiya fan sifatida muloqot, muomala qonuniyatlari, shaxslararo munosabat, individual va guruhiy oʻzaro taʼsir, guruhlarning ichki va tashqi tuzilishi, ularning turlari, tasnifi, ommaviy holatlar va harakatlar, ijtimoiy va milliy ong, mentalitet, milliy qiyofa, harakter, taʼb, anʼana, odat, marosim va boshqalarni tekshiradi. Ijtimoiy psixologiya bir necha sohalarni oʻz ichiga qamrab oladi: etnopsixologiya, din psixologiyasi, oila psixologiyasi, boshqaruv (menejment) va marketing psixologiyasi, kichik va katta guruh psixologiyasi, modalar psixologiyasi, reklama psixologiyasi, insonni inson tomonidan idrok kilish psixologiyasi, amaliy ijtimoiy psixologiya kabilar. Oʻzbekistonda ijtimoiy psixologiya yoʻnalishidagi tadqiqotlar asosan mustaqillik davrida yoʻlga qoʻyila boshlandi. Bu ishlar zaminida ijtimoiy psixologiya sohalaridan biri — "Oila psixologiyasi" ilmiy maktabi vujudga keldi. Oʻzbek oilasining ijtimoiy, psixologik, etnopsixologik xususiyatlari haqidagi maʼlumotlarni oʻzida mujassamlashtirgan "Oila psixologiyasi" darsligi yaratildi. Mamlakatda Respublika "Oila psixologiyasi" ilmiy-amaliy markazi faoliyat ko'rsata boshladi.

Manbalar

tahrir