Illyuziya (lot. illusio — yanglish tasavvur, yanglishish) — voqelikni notoʻgʻri, yanglish idrok etish. Ikki xil illyuziya farq qilinadi: a) sezgi va idrokning muayyan qonunlari tufayli roʻy beradigan illyuziyalar. Koʻpincha, narsa va hodisalarni yaxlit idrok qilish kishida yanglish tasavvur hosil etadi. Masalan, ogʻirligi aynan teng, ammo kattaligi har xil boʻlgan ikki buyumni ketma-ket koʻtarib koʻrilsa, kattasi yengilroq, kichigi ogʻirroqdek tuyuladi. Buning sababi shundaki, kishi hajmi kattaroq buyumning hajmi kichikroq buyumdan ogʻir ekanligini oʻz tajribasida doimo sinab kelgan, binobarin, hajmi har xil buyumlarni koʻz bilan idrok qilganda beixtiyor shu tajribasiga tayanib, kattaroq buyumlarni ushlaganida koʻproq zoʻr beradi, kichikroq buyumni qoʻliga olganda uncha zoʻr bermaydi.

Illyuziya koʻp hollarda koʻzning chalgʻishi bilan bogʻliq. Bu xil illyuziyalar optik illyuziya deyiladi. Optik illyuziya muayyan sharoitda turli kesmalar uzunligi, burchaklar kattaligi, narsalar oʻrtasidagi masofalar va shu kabilarni oʻzaro taqqoslanganda kuzatiladi. Bu xil illyuziyalar turmushda koʻp uchraydi. Shuningdek, eshitish illyuziyasi (birovning nutqidagi ayrim so'zlar boshqacha bir maʼnoda aytilgan soʻzdek eshitiladi), harakat illyuziyasi (poyezd juda ham tez yurganda vagondagi kishiga goʻyo u harakat qilmayotgandek tuyiladi) va boshqa insondagi psixofiziologik, koʻpincha hayajonlanish, charchash, qoʻrqish holatlarida roʻy beradigan subyektiv illyuziyalar. Masalan, oʻrmondagi toʻnka qoʻrqoq odamning koʻziga bironta yirtqich qayvonga oʻxshab koʻrinadi. Sogʻlom odamlarda illyuziya oʻtkinchi holat; ayrim psixik kasalliklar (makropsiya, metamorfopsiya, giperpatiya va hokazolar) natijasida paydo boʻladigan illyuziya esa ancha turgʻun. Illyuziyani yoʻq narsalar bordek boʻlib tuyuladigan holat — gallyusinatsiyadan farq qilish kerak.

Illyuziya xususiyatlarini bilish ulardan toʻgʻri foydalanish imkoniyatini beradi. Masalan, toʻla kishilar uzunasiga yoʻl-yoʻl kiyim kiyishga harakat qiladilar. Chunki bu xil kiyimlarda kishi illyuziya tufayli nisbatan ixcham boʻlib koʻrinadi. Optik illyuziyadan tasviriy sanʼatda, meʼmorchilik va harbiy maskirovkada, bosmaxona shriftlarini tayyorlashda keng foydalaniladi;

Mirkomil Mirboboyev.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil