Immun zardoblar
Immun zardoblar - biror antigen bilan immunlangan odam va hayvonlar qonidan olinadigan va tarkibida shu antigenga xos antitelolari boʻlgan zardoblar. Immun zardob, odatda, sunʼiy immunlangan hayvonlar (quyon, ot, dengiz choʻchqalari) qonidan (qarang Immunlash) yoki baʼzi yuqumli kasalliklar bilan ogʻrib oʻtgan kishilar qonidan olinadi. I. z. ning himoya va davo xususiyatlari ular tarkibida maxsus birikmalar — kasallik qoʻzgʻatuvchi omillarni topa olish (ularga nisbatan maxsus sezuvchanligi bor) va zararsizlantirish xususiyatiga ega boʻlgan antitelolar borligiga asoslangan (qarang Immunitet). Yot oqsili bor har qanday agentning kirishiga javoban odam yoki hayvon organizmida antitelolar qosil boʻladi va uning qon zardobida uzok, vaqt, baʼzan, umrbod saqlanadi. Baʼzi yuqumli kasalliklar bilan ogʻrigan odamlarning bir umr ushbu kasallik bilan qayta kasallanmasliklarining boisi shunda. Diagnostika (serodiagnostika) va davo-profilaktika (seroprofilaktika, seroterapiya) maqsadida qoʻllanadigan I.z. mavjud. Organizmga I. z. yuborilganda passiv immenitet hosil boʻlib, u maʼlum muddat (2—4 hafta) saqlanib turadi. Shuni nazarda tutib, infeksion kasallik (mas, qizamiq) bilan ogʻrigan bemorga yaqin yurgan kishilarni kasallikdan saqlash maqsadida I. z. bilan emlanadi. I. z. boʻgʻma, qoqshol, botulizm va hokazoni davolashda, shuningdek, ilon, ari, baʼzi hasharotlar chaqqanda va b. hollarda qoʻllanadi. Zardob tarkibidagi antiteloning tabiatiga qarab antitoksik, antibakterial, antivirus va ilon zahariga qarshi I. z. farqlanadi. Ke-yingi yillarda antileykotsitar zardoblarning kashf etilishi va ularni tibbiyot amaliyotida qoʻllanishi aʼzo va toʻqimalarni koʻchirib oʻtkazishda donor va retsipiyentni aniqlash, shuningdek, immunogenetika masalalarini oʻrganish imkonini berdi. I. z. yuborilgandan keyin baʼzan shok va zardob kasalligi roʻy berishi mumkin. Buning oldini olish uchun immun zardobni yuborishdan oldinroq (15—30 daqiqa, baʼzan 1—2 kun ilgari) uning ozroq miqdori yuborib koʻriladi.[1]
Manbalar
tahrir
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |