Infiltratsion konlar - yer ostidagi kimyoviy faol suvli eritmalarda erigan turli rudali element va ular birikmalarining togʻ jinslari yoriq va gʻovaklarida choʻkishidan hosil boʻlgan konlar. Suvli eritmalar yerning chuqur joylarida togʻ jinslari yoriqlari boʻylab oʻtganda ularning tarki-bidagi rudali moddalarni eritib boshqa joyga olib ketadi. Suvda erigan elementlar maʼlum fizik-kimyoviy muhitda choʻkadi, choʻkmay qolganlari grunt suvlari zonasiga yetib boradi.

I. k. qosil boʻlishida geokimyoviy toʻsiqlar muhim rol oʻynaydi. Bular grunt suvi migratsiyasini keskin susaytiradi, natijada elementlarning choʻkishiga qulay kimyoviy sharoit yaratiladi va suvli eritmalardan elementlar osongina choʻkadi. Shu yoʻl bilan temir, mis, vanadiy, uran, radiy, bariy, fosforit va b. konlar hosil boʻladi. I. k. 50 m dan 700 m gacha chuqurlikda vujudga keladi. AQSH (Nyu-Meksiko shtati) va Boliviyada (mis), Angliyada (temir), AQSH (Kolorado va Yuta shtatlari )da (uran-vanadiy) I. k. bor. Oʻzbekistonda Uchquduq, Koʻkcha, Laylakon uran konlari mavjud.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil