Qon oʻrnini bosuvchi suyuqliklar

(Infuzion vositalardan yoʻnaltirildi)

Qon oʻrnini bosuvchi suyuqliklar, infuzion vositalar — davolash maqsadida qon yoki plazma oʻrniga ishlatiladigan vositalar; shok holatida, koʻp qon yoʻqotganda, kamqonlik, yiringli septik kasalliklarda, kuyganda va boshqalarda qoʻllanadi. Taʼsir etishiga koʻra gemodinamik (shokka qarshi), dezintoksikatsion va parenteral qon oʻrnini bosuvchi suyuqliklar ajratiladi.

Shokka qarshi preparatlarga dekstran asosidagi oʻrta molekulali poliglyukin, polifer, poliglyusol, makrodeks, intradeks, dekstran, plazmodeks, xemodeks va boshqa, shuningdek, quyi molekulali reopoliglyukin, reoglyuman, reomakrodeks, lomodeks, dekstran-40, gemodeks; jelatina preparatlari — jelatinol, gemojel, jelofuzin, plazmojel; gidrooksietilkraxmal asosidagi preparatlar — oksiamal, volekam, plazmosteril, voleks, 6—XES; polietilen glikol asosidagi polioksidinlar ishlatiladi. Dezintoksikatsion (organizmni zaharli moddalardan tozalovchi preparatlar) taʼsir etuvchilarga quyi molekulali polivinil-pirrolidon asosidagi preparatlar, asosan, gemodez, neogemodez, periston-N, subtozan, plazmozan, komidon va hokazo kiradi. Ular har xil zaharli moddalar bilan kompleks birikmalar hosil qiladi va siydik orqali organizmdan chiqib ketadi. Parenteral ovqatlantirishda (ovqat sifatida) oqsil mahsulotlari (plazma, albumin), shuningdek, oqsil gidrolizatlari (kazein gidrolizati, gidrolizin, aminopeptid, fibrinosol va boshqalar) qoʻllanadi. Yogʻli emulsiyalar (infuzolipol, intralipid, lipifizian, lipofundin, lipozin, infonutrol, fatgen) ham parenteral ovqatlantirish va organizmning quvvatini oshirish uchun ishlatiladi. Kompleks taʼsir koʻrsatuvchi, shuningdek, kislorod tashish faoliyatiga ega, suv-tuz hamda kis-lota-ishqor muvozanatini boshqaruvchi qon oʻrnini bosuvchi suyuqliklar ham mavjud.