Instinkt
Instinkt (lot. instinctus — uygʻonish, qoʻzgʻalish) — muayyan sharoitda hayvonlarning bitta turi uchun xos boʻlgan murakkab irsiy xattiharakatlari majmui. Instinkt tashqi va ichki qoʻzgʻalishlarga javob tariqasida paydo boʻladi. Instinktni ilmiy tadqiq qilishni Charlz Darvin boshlab bergan. U birinchi boʻlib Instinktning rivojlanishi turning tarixiy shakllanishi va nerv sistema-sining tuzilishi bilan bogʻliqligini koʻrsatib berdi. Instinktni rus olimlaridan I.M.Sechenov, I.P.Pavlov va boshqa ham oʻrganishgan. Instinkt — murakkab shartsiz reflekslardan iborat boʻlib, ular asosida shartli reflekslar vujudga keladi. Biologik mohiyatiga koʻra, Instinkt quyidagi guruhlarga ajratiladi: oziqlanish (oziqni topish, oziq gʻamlash va boshqalar); turni saqlab qolishga qaratilgan passiv (tegilganda qimirlamasdan qotib turish, qochib qolish va boshqalar) va aktiv (jismlar, shox-shabbalar va boshqa yordamida himoya) himoyalanish; jinsiy bezlar funksiyasi bilan bogʻliq boʻlgan jinsiy Instinkt (jinsiy mayl, otalanish, baliqlarning uvildiriq tashlash joyiga migratsiyasi va boshqalar); avlod toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik bilan bogʻliq boʻlgan ota-onalik Instinkti (uya va in qurish, bola boqish, bolani himoyalanishga, ov qilishga oʻrgatish va boshqalar); poda, gala, oila aʼzolarining oʻzaro munosabatlarini tashkil qiluvchi guruhli Instinkt Hasharotlar xatti-harakatlarining deyarli hammasi Instinktdan iborat. Baliqlar, qushlar va ayniqsa sut emizuvchilar xatti-harakatlarining asosiy qismini Instinkt emas, balki shartli reflekslar tashkil etadi. Odamda Instinkt uning tarbiya jarayonida shakllanadigan ongli faoliyatiga boʻysungan boʻladi. Instinktni oʻrganish va undan foydalanish chorvachilik, ovchilik xoʻjaliklarida, qishloq xoʻjaligi zararkunandalari va infeksion kasalliklarning qoʻzgʻatuvchilariga qarshi kurashda katta ahamiyatga ega.
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |