Introskopiya
Introskopiya (lotincha: intro — ichida va qad. yun. σκοπέω — koʻryapman) — optik jihatdan noshaffof jismlar va muhitlardagi, shuningdek, koʻrinmaydigan sharoitdagi hodisalar va jarayonlarni vizual (koʻrib) kuzatish. Gamma-rentgen introskopiya, infraqizil introskopiya, ultratovush introskopiya, radiointroskopiya kabi xillarga boʻlinadi. Gamma-rentgen introskopiyada har qanday kimyoviy tarkibdagi va temperaturadagi suyuq va qattiq jismlardan oʻtadigan gamma va rentgen nurlaridan foydalaniladi. Bunday introskopiya yordamida noshaffof materiallardagi juda mayda zarralarni ham tekshirish mumkin. Infraqizil introskopiya moddalarning infraqizil nurlarni yutishi va qaytarishi xossasiga asoslangan. Koʻzga koʻrinmas infraqizil tasvirlar optik vositalar yordamida koʻrinadigan tasvirlarga aylantiriladi. Ultratovush introskopiya ultratovushning metall, plastmassa, tirik toʻqima, qurilish materiallari va optik jihatdan noshaffof suyuqlik orqali oʻtishiga asoslangan. Radiointroskopiya da uzunligi mm ulushidan bir necha m gacha boʻlgan elektromagnit toʻlqinlardan foydalaniladi. Radiointroskopiya togʻ jinslari va muzliklar ichini „koʻrishga“, yer sirti radionurlari, budut qoplami haritasini tuzishga imkon beradi. Magnit yoki elektr maydonlarining tarqalishini bevosita kuzatish usuli magnit-optika hodisalariga asoslanadi. Introskopiyaning sanoat mahsulotlari va materiallarni buzmasdan tekshirish uchun moʻljallangan baʼzi usullari va vositalari defektoskopiya usullari va vositalariga oʻxshaydi. Introskopiya buyumlar, muhitlar, jismlar xossalarining berilgan koʻrsatkichlardan farq qilish-qilmasligini aniqlashga, obyektlarni suv ostida, tuman paytlarida, togʻ jinslari ichida tekshirishga imkon beradi.[1]
Manbalar
tahrir
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |