IQBOLNOMA

tahrir

Iqbolnoma -jahon va oʻzbek adabiyotidagi yana bir nodir, tarixiy asar. Bu asar Temuriylar va Boburiyzodalar hayotini oʻrganishda muhim bir manba hisoblanadi. Asar muallifi Moʻtamidxon, asli eronlik boʻlib, bir vaqtlar Hindistonga kelib, Jahongirshoh xizmatida boʻlgan. Oʻz qobiliyati tufayli saroyda „Mir Baxshi“ lavozimigacha koʻtarildi. Otasi Jahongirshohdan keyin taxtga chiqqan Shoh Jahon ham Moʻtamidxonni ana shu lavozimda olib qolgan.

Moʻtamidxon Jahongir topshirigʻiga binoan „Tuzuki Jahongiri“ni tugatgach, oʻzi mustaqil tarzda „Iqbolnoma“ asarini yozishga kirishadi. Bu asar 3 qismdan iborat boʻlib, uning birinchi qismida Amir Temur oilasi tarixi bayon qilingan. Bobur va Humoyun hukmronligi davrlari ham oʻsha qismga kiritilgan. Asarning ikkinchi qismida Akbarshohning hukmronlik faoliyati bayon qilingan. Uchinchi qismida esa Jahongirning hukmronligi davri bayon qilinadi. Moʻtamidxon Jahongirning yaqin kishilaridan boʻlgani uchun uning atrofidagi voqealardan yaqindan xabardor edi. Bundan tashqari asarda Jahongir shohlik davrining 19-yilidan keyingi faoliyati mufassal yoritib berilgan. Shuning uchun Jahongir hayotining ana shu qismini yoritishda „Iqbolnoma“ muhim ahamiyatga ega. Shuni aytib oʻtish kerakki, bu asarda ham voqealar va ularning sabablarini izohlashda yuzakilikka, gʻarazgoʻylikka yoʻl qoʻyilgan. Tarixchilarning fikricha, Moʻtamidxon Jahongir panohidan boshpana topgan edi, shuning uchun ham uning shaxsini taʼriflashda bir oz boʻrttirishga yoʻl qoʻygan. Shu bois asarni tahlil qilishda bu hollarni eʼtiborga olish maqsadga muvofiqdir.

Jahongirning shohlik faoliyatini oʻrganishda oʻsha davrlarda yaratilgan Muhammad Hodining „Tatimma voqeoti Jahongiriy“,Hoʻja Kamgorning „Maassiri Jahongiriy“ kabi asarlari yaxshi manba boʻlib xizmat qiladi.

Manbalar

tahrir

1."Boburiyzodalar"(Gʻofurjon Satimov)