Ishlab chiqarish-texnika nazorati

Ishlab chiqarish-texnika nazorati — sanoat korxonalarida mahsulot sifatini nazorat qilish yuzasidan bajariladigan xizmatlar majmui. Texnik nazorat Ishlab chiqarishning barcha qismlari (xom ashyo, materiallar, yoqilgʻi, yarim fabrikatlar, butlovchi qismlar, texnologik jarayonlar, asboblar, dastgohlar, uskunalar, tayyor mahsulotlar va boshqalar)da amalga oshiriladi. Nazorat qilinadigan obyekt xususiyatiga koʻra, nazoratning kuzatib nazorat qilish, mexanik xususiyatlarni nazorat qilish, kimyoviy taxlil, metallografik tadqiqotlar oʻtkazish, sinab koʻrib nazorat qilish va boshqalar usullari bor. Tashkiliy jihatdan uning texnologik ja-rayonlarni nazorat qilish; operatsion nazorat (mahsulot ishlab chiqarish bilan bogʻliq operatsiya bajarib boʻlingach, oʻtkaziladi); inspeksion (yoki tanlab) nazorat qilish; boshlangʻich nazorat (korxonaga yetkazib berilgan materiallar, xomashyo, yarim fabrikatlar, butlovchi detallar nazorat qilinadi); faol nazorat (mahsulotni Ishlab chiqarish jarayonida oʻlchov asboblari yordamida nazorat qilish); tayyor mahsulotni qabul qilish jarayonidagi nazorat va boshqalar turlari bor. Ishlab chiqarish-texnika nazoratining asosiy vazifasi korxonalardagi nazorat operatsiyalarning bajarilishini, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning komplektligini tekshirish, brakni yoʻqotish hamda mahsulotni belgilangan standart va texnik shartlarga muvofiq qilib Ishlab chiqarishni taʼminlashdan iborat. Ishlab chiqarisht.ni korxona boʻlimlarida xodimlar, sexlarda ishchilar, sozlovchilar, ustalar, brigadirlar va korxonalarning hamma muhim uchastkalarida texnika nazorati boʻlimi xodimlari amalga oshiradi. Texnika nazorati boʻlimining vazifasi nazorat usullarini ishlab chiqish, brakni hisobga olish va tahlil qilishidir. Hozirgi vaqtda detallarni Ishlab chiqarish jarayonida nazorat qilishning eng zamonaviy usullari (avtomatlashtirish, yoppasiga nazorat qilish)ni yaratishga keng eʼtibor qaratilgan.

Oʻzbekistonda Asaka avtomobil zavodi, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, "Kabul tekstaylz" korporatsiyasining Oʻzbekistondagi qoʻshma korxonalarida va boshqalarlarda mahsulot ishlab chiqarishni nazorat qilishning xuddi shunday zamonaviy usullari tadbiq etilgan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil