Ishlab chiqarish dasturi
Ishlab chiqarish dasturi -mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan oʻzaro uzviy bogʻliq ilmiy-texnikaviy, tashkiliy-iqtisodiy va ishlab chiqarish chora-tadbirlari majmui. Ishlab chiqarish dasturini tuzishda ishlab chiqarish grafigi, texnologik yoʻnalish, mahsulotning konstruktiv tarkibi (yaʼni unga kiruvchi detallar, uzellar, agregatlar soni) boshlangʻich axborot boʻlib xizmat qiladi. Uni tuzishda ilmiy asoslanganlik, davlat, korxona, ishchilar manfaatlarini hisobga olish, dasturni optimallashtirish, uzluksizlikni taʼminlash, mahsulot ishlab chiqarishning kompleksligini hisobga olish kabi tamoyillarga amal qilinadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida bunday chora-tadbirlar korxonaning biznes rejasida aks etadi. Shunga muvofiq, korxonaning ishlab chiqarish dasturi ham biznes rejadan boshlanadi. Ishlab chiqarish dasturida yalpi mahsulot hajmi, sotish uchun tayyorlangan mahsulot hajmi, mahsulot assortimenti (turlari), mahsulot sifati, navi, meʼyoriga yetmagan mahsulotlar miqdori, xom ashyo balansi, ishlab chiqarish quvvati, ishlab chiqarish vositalaridan va xom ashyodan foydalanish, shuningdek, mahsulotni qachon, qayerga, qanday tartibda yetkazib berishi yoki tashishda aks etadi. ishlab chiqarish dasturini tuzishda tizimli tahlil, grafiklar nazariyasi, operatsiyalarni tadqiq qilish, iqtisodiy va ijtimoiy samaradorlikni hisoblash, mantiqiy-tarkibiy taxlil, iqtisodiy matematik modellash, iqtisodiy taxlil va b. usullar qoʻllanadi. ishlab chiqarish dasturida muayyan ishlab chiqarishning natural (dona, tonna, metr, litr va hokazo), qiymat (meʼyoriy toza mahsulot, tovar, sotilgan mahsulot hajmi, tugallanmagan mahsulot qiymati va boshqalar) va sifat (meʼyoriy toza mahsulot, brak va boshqalar) koʻrsatkichlarini qamraydi[1].
Manbalar
tahrir
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |