Ishlab chiqarishni kooperatsiyalash

Ishlab chiqarishni kooperatsiyalash — ishlab chiqarishni tashkil qilish shakli, maʼlum bir mahsulotni hamkorlikda tayyorlash uchun korxonalar oʻrtasida maxsus ishlab chiqarish aloqalari. Ijtimoiy mehnat taqsimoti chuqurlashgan sari Ishlab chiqarishni kooperatsiyalash rivojlanib boradi va u, birinchi navbatda, korxonalarning cheklangan turdagi mahsulot, mahsulot qismlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashuvida koʻrinadi. Bu jarayon korxonalar oʻrtasida raqobat kurashini ham oshiradi.

Ishlab chiqarishni kooperatsiyalash ixtisoslashtirish shakllaridan biri boʻlib, korxona va tarmoqlar oʻrtasidagi aloqalar ixtisoslashtirishning kengayishiga, yangi tarmoqlar vujudga kelishiga, eskilarning boʻlinib ketishiga sabab boʻladi (qarang Ishlab chitsarishni ixtisoslashtirish). Kooperatsiyalash xalq xoʻjaligida ishlab chiqarish imkoniyatlarini oshiruvchi vosita boʻlib, ishlab chiqarish quvvatlaridan yaxshiroq foydalanishga, ishlab chiqarish jarayonini tezlashtirishga, mahsulot tannarxini pasaytirishga imkon beradi, natijada mehnat unumdorligi oshadi. ishlab chiqarishni kooperatsiyalash agre-gatlar boʻyicha (predmetli) kooperatsiyalash (murakkab mahsulot ishlab chiqaruvchi bosh korxonaga bir qator korxonalar shu mahsulotni tayyorlash uchun zarur boʻlgan qismlar, mas, motor, nasos, kompressor va b. lar yetkazib beradi), detallar boʻyicha kooperatsiyalash (bunda qator ixtisoslashgan korxonalar bosh korxonaga detal va qismlar — podshipnik, porshen, gilza, silindr, reduktor va b. yetkazib beradi); texnologik (bosqichli) kooperatsiyalash (bir korxona ikkinchisi uchun alohida tex-nologik jarayonlar va ishlarni bajarib beradi) kabi koʻrinishlari bor.

Hududiy jihatdan kooperatsiyalashning mahalliy (shu xududning oʻzidagi ishlab chiqarish korxonalari oʻrtasidagi aloqa) va mintaqaviy (bir necha hududlardagi ishlab chiqarish korxonalari oʻrtasidagi aloka) shakllari bor. Kooperatsiyalashgan aloqalar vaqt jihatidan (bunda korxonalar ishlab chiqarish harakteriga koʻra, oʻzaro bogʻlangan boʻladi, yaʼni muayyan mahsulotning bir qismi birinchi korxonada tayyorlansa, boshqa qismi ikkinchi korxonada tayyorlanadi) yoki vaqtinchalik (bunda korxonalar bir-biri bilan ehtiyojga koʻra, vaqtincha bogʻlanadi) boʻlishi mumkin. Kooperatsiyalashgan aloqadagi korxonalar soni va tayyor mahsulot tannarxida kooperatsiya orqali yetkazilgan detallar, uzellarning salmogʻi Ishlab chiqarishni kooperatsiyalash da-rajasi koʻrsatkichlari hisoblanadi. ishlab chiqarishni ixtisoslashtirish rivojlangan sari kooperatsiyalashgan aloqalar ham rivojlanib boradi. Bu jarayon avtomo-bilsozlik, traktorsozlik, aviasozlik kabi sohalarda yaqqol koʻrinadi. Masalan, dunyoga mashhur "Toyota" avtomobil kompaniyasi minglab kichik va oʻrta kompaniyalar bilan kooperatsiyalashgan holda hamkorlik qiladi.

Oʻzbekistonda Ishlab chiqarishni kooperatsiyalash mashinasozlik, oziq-ovqat, toʻqimachilik, qurilish materiallari kabi sanoat tarmoqlarida, qishloq xoʻjaligida yaxshi rivojlangan. Masalan, paxta teradigan mashinalar, traktorlar, samolyotlar, oziq-ovqat ishlab chiqarish da koʻplab mustaqil korxonalar oʻzaro kooperatsiya aloqalariga ega.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil