Iskabtoparlar (Phlebotomidae) - qon soʻruvchi ikki qanotlilarning kenja oilasi. Tanasining uz. 1,3—3,5 mm; mayda tuklar bilan qoplangan; sargʻish, ayrimlari kulrang; koʻzlari yirik, qora; 16 boʻgʻimli uzun moʻylovlari va tuklari aniq koʻrinadi. Hartumi yirik, sanchib soʻruvchi tipda, urgʻochisi qon bilan oziqlanadi; erkagi, asosan, oʻsimlik shirasini soʻradi. Qanotlari oʻtkir burchakli, oval yoki choʻziq oval. Oyoqlari uzun, bir oz ingichka. Erkagi ombursimon qoʻshilish organining tu-zilishi sistematik ahamiyatga ega. I. issiq oʻlkalarda keng tarqalgan. 300 ga yaqin turi aniqlangan. Oʻzbekistonda 17 turi maʼlum. Phlebotomus papatasii, Ph. sergenti, Ph. caucasis va b. tarqalgan. I. choʻl, qirlar, daryo vodiylari, molxona va xonadonlarda yashirin hayot kechiradi; tuxumini tuproqqa qoʻyadi. I. tabiatda yovvoyi sut emizuvchilar va qushlar uyasida, gʻorlarda, toshlar yorigʻida, qad. qoʻrgʻon harobalarida, molxonalar va b. pana joylarda koʻpayadi. Oʻzbekistonda bir yilda 2 boʻgʻini (qishlovchi va yozgi) rivojlanadi. I.ning Ph. papatasii turi qoramol, echki, it va b. yovvoyi sut emizuvchilar, kaltakesaklar va odamning qonini soʻrib, pappatachi isitmasi, qoʻtir, leyshmanioz va b. kasalliklarni qoʻzgʻatuvchi organizmlarni tarqatadi. [1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil