Iskandar Mirza

Pokiston siyosatchisi, davlat arbobi va harbiy general (1899-1969)

Iskandar Mirza (urdu: اسکندرمیرز) – Pokiston general-gubernatori (7-avgust 1955-yil – 23-mart 1956-yil). Birinchi prezidenti (1956-1958)[1].

Iskandar Mirza
urdu: اسکندرمیرز

Iskandar Mirza
 4-Pokiston general-gubernatori
Mansab davri
7-avgust 1955-yildan – 23-mart 1956-yilgacha
Monarx Yelizaveta II
Oʻtmishdoshi Gʻulom Muhammad
Vorisi lavozim bekor qilingan
 1-Pokiston Prezidenti
Mansab davri
23-mart 1956-yildan – 27-oktyabr 1958-yilgacha
Oʻtmishdoshi lavozim taʼsis etilgan
Vorisi Ayub Xon (general)
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 15-noyabr 1899-yil
Bengal
Vafoti 15-noyabr 1969-yil(1969-11-15)
(70 yoshda)
London

Biografiyasi

tahrir

1899-yil 15-noyabrda Gʻarbiy Bengaliyada tugʻilgan. Buyuk Britaniyadagi Elfinston kollejida harbiy fanlarni oʻrgangan. Britaniyadan qaytgach, 1919-yilda Britaniya Hindiston qurolli kuchlari safiga qoʻshildi. 1926-yilda Iskandar armiyani tark etdi, Hindiston siyosiy xizmatida ishlay boshladi va Shimoliy-Gʻarbiy chegara provinsiyasida komissar yordamchisi lavozimiga tayinlandi. 1931-yilda komissar boʻldi. Hindiston siyosiy xizmati komissari sifatidagi faoliyatining katta qismi qabila hududlarida oʻtdi. Pokiston tashkil etilishidan oldin Britaniya Hindistoni Mudofaa vazirligida ham xizmat qilgan[2].

Iskandar Mirza Pokistonning birinchi mudofaa vaziri hisoblanadi, bu lavozimda yetti yildan ortiq ishlagan. Mirzo 1954-yil may oyida Sharqiy Pokiston gubernatori boʻldi. Viloyatdagi har qanday norozilik namoyishlarini bostirish uchun kuch ishlatishdan tortinmasligini ochiq aytdi. Uning gubernator sifatidagi birinchi qadami 319 kishini, jumladan Avami Ligasining ikki yetakchisi Rahmon Mujibur va Yusuf Ali Choudrini hibsga olish uchun order bergani edi. Iyun oyi oʻrtalariga kelib hibsga olinganlar soni 1051 kishiga yetdi. Milliy Assambleyaning 33 aʼzosi va Dakkalik ikki universitet professori ham hibsga olingan. Sharqiy Pokistonda jazolash harakatlari amalga oshirilgan[3].

1954-yil oktabrdan 1955-yil avgustigacha ichki ishlar vaziri boʻlgan. 1955-yil 7-avgustda Gʻulom Muhammad betobligi sababli ikki oylik taʼtilga chiqdi va Mirzaga general-gubernator vazifasini bajaruvchi lavozimni taklif qildi. Iskandar Choudhuri Muhammad Alini mamlakat bosh vaziri etib tayinladi. 1956-yilda Pokistonning yangi Konstitutsiyasi qabul qilindi, unda davlat boshligʻi unvoni General-gubernatorlikdan Prezidentga oʻzgartirildi. Lekin davlat rahbarining vazifa va vakolatlari oʻzgarmadi. Taʼsis majlisi bir ovozdan Iskandar Mirzani Pokistonning birinchi prezidenti etib sayladi[4].

Iskandar Mirza har qanday yoʻl bilan mamlakat siyosiy maydonida hukmronlik qilishga harakat qildi. U davlat rahbari sifatida hamisha mamlakat siyosatida faol va nufuzli boʻlib kelgan. Mirzo boshqa siyosatchilarning kuchsizligidan unumli foydalanib, ularni bir-biriga qarama-qarshi qildi. Musulmonlar Ligasining taʼsirini bartaraf etish uchun Pokiston Respublikachilar partiyasini yaratishda faol ishtirok etdi. Davlatda dinning rolini pasaytirish uchun bor kuchi bilan harakat qildi. Toʻrt yillik qisqa muddat ichida toʻrt marta bosh vazir tayinladi[5].

1958-yil 7-oktabrda 1956-yilgi konstitutsiyani bekor qilish toʻgʻrisida deklaratsiya chiqardi. Eʼlonga muvofiq respublika parlamenti tarqatib yuborildi va mamlakat tarixida birinchi harbiy holat joriy etildi. Ayni paytda Iskandar Mirza Ayubxonni Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qoʻmondoni etib tayinladi. Ammo Ayubxon prezident qoʻlida qoʻgʻirchoq boʻlishdan bosh tortdi. 1958-yil 27-oktyabrda Muhammad Ayubxon Iskandar Mirzani mamlakatni tark etishga majbur qildi va oʻzini prezident deb eʼlon qildi.

Iskandar Mirza umrining qolgan qismini Londondagi mehmonxona xonasida oʻtkazdi. 1969-yil 15-noyabrda vafot etdi[6].

Manbalar

tahrir
  1. „Iskander Mirza“ (en) (deadlink). 2012-yil 9-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 27-fevral.
  2. „Iskander Mirza“ (en). 2012-yil 9-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 27-fevral.
  3. „Iskander Mirza“ (en). 2012-yil 9-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 27-fevral.
  4. „Iskander Mirza“ (en). 2012-yil 9-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 27-fevral.
  5. „Iskander Mirza“ (en). 2012-yil 9-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 27-fevral.
  6. „Iskander Mirza“ (en). 2012-yil 9-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 27-fevral.