Issiklik elektr stansiyalari (Issiqlik elektr stansiya) — qattiq, suyuq va gaz holatdagi organik yoqilgʻilarning issiqlik energiyasini elektr energiyasiga aylantiradigan qurilmalar majmui. Asosiy energetik agregatlar qatoriga suv yuradigan quvurlar (trubalar) batareyasidan iborat qozon tizimi, bugʻ turbina (bugʻ dvigatel) lari va turbogeneratorlar kiradi. Qozon tizimiga yuborilgan suv yuqori bosimli bugʻga aylantirilib turbina parraklariga beriladi. Natijada turbina bilan mexanik bogʻlangan generator tegishli tezlikda aylantirilib, mexanik energiya elektromagnit induksiya qonuniga binoan generatorda elektr energiyasiga aylanadi. Issiqlik elektr stansiyada ishlatiladigan yoqilgʻi issiqlik energiyasining faqat 30% gina foydali elektr energiyasiga aylantiriladi, yaʼni Issiqlik elektr stansiya ning foydali ish koeffitsiyenti 30% ga tengdir. Foydali ish koeffitsiyenti qiymatini oshirish maqsadida qozondagi bugʻ bosimi iloji boricha yuqori qilinadi va turbina parraklaridan oʻtib, ish bajarib boʻlgan bugʻning hammasi sovitkichlar vositasida sovitilib, qayta suvga aylantiriladi (kondensatlanadi) va qozon tizimiga yuboriladi. Bunday Issiqlik elektr stansiyani kondensatsiyey elektr stansiyalari (KES) deyiladi va ularda foydali ish koeffitsiyenti qiymati h=30—35% gacha koʻtcariladi hamda suv berk tizimda aylanishi sababli kuvurlar batareyalaridan iborat qozonni taʼmirlash ishlari keskin qisqaradi. Issiqlik elektr stansiyalar, odatda, qattiq, suyuq yoki gaz holatdagi arzon yoqilgʻi koni yaqinida quriladi. Stansiya generatorlaridan olingan elektr energiyasining asosiy qismi bir necha 100 km masofadagi isteʼmolchilarga kuchaytiruvchi transformator va yuqori voltli elektr uzatish liniyalari vositasida yetkaziladi, qolgan qismi esa stansiyaning oʻz generator kuchlanishida yoki pasaytiruvchi transformator orqali beriladi (yana qarang: Issshushk elektr markazi).

Elektr energiyasi bilan taʼminlash koʻlamiga qarab, issiqlik elektr stansiyasi tuman, sanoat korxonalari, qishloq, shahar miqyosida, kommunal xoʻjalikda, t.-yil transportida foydalaniladigan xillarga boʻlinadi. Issiqlik elektr stansiyasi yaxlit elektr tizilmalarga birlashtirilib yoki alohida ishlatilishi mumkin.

Issiqlik elektr stansiyasi 19-asr 80-yillarida kurila boshlagan. Ilk issiqlik elektr stansiyasi New Yorkda qurilgan (1882). Rossiyada dastlabki issiqlik elektr stansiyasini muhandis M. K. Polivanov Moskvada qurgan (1906). Oʻzbekistonda dastlabki issiqlik stansiyasi 20-asr boshlarida qurilgan (qarang Issiqlik energetikasi). Oʻzbekistonda 10 ta issiqlik elektr stansiyasi ishlab turibdi (2002). Respublikadagi eng yirik issiqlik elektr stansiyasi — Sirdaryo GRES (3000 MVt), Yangi Angren GRES (1800 MVt), Toshkent GRES (1860 MVt), Navoiy GRES (1250 MVt), Angren GRES (484 MVt), Taxiatosh GRES (430 MVt), Talimarjon GRES (loyiha quvvati 3200 MVt) (Nuristan). Issiqlik elektr stansiyasi avtomatlashtirilgan korxona. Qozon agregatlarida yoqilgʻi yonish jarayonlari, qozonni suv bilan taʼminlash, tok kuchlanishi va chastotasini rostlash toʻla avtomatlashtirilgan. Issiqlik elektr stansiyasi agregatlari markaziy boshqarish pultidan boshqariladi. Atom elektr stansiyasi, geotermik elektr stansiyalar, gelioenergetika elektr stansiyalari ham issiqlik elektr stansiyasi hisoblanadi.

Manbalar

tahrir