Istisqo (arabcha) – organizm boʻshliqlari, toʻqimalari, xususan, teri osti yogʻ qavati (kletchatka)da suyuqlik (transsudat) toʻplanishi. Suyuqlik qaysi aʼzoda yigʻilganligiga qarab bosh miya, koʻkrak, moyak, perikard, qorin va boshqa aʼzolar istisqosi farq qilinadi. Yurak, buyrak kasalliklari, homiladorlik toksikozlari va boshqa kasalliklarda kuzatiladi. Koʻz istisqosi gidroftalm, bosh miya istisqosi gidrotsefaliya, plevra istisqosi gidrotoraks, qorin istisqosi assit, bachadon nayi istisqosi gidrosalpinks, moyak pardalari istisqosi gidrotsele, perikard istisqosi gidroperikard, boʻgʻim istisqosi gidroartrit deb ataladi. Homiladorlar istisqosi, urugʻ tizimchasi istisqosi, koʻz yoshi xaltachasi istisqosi ajratiladi. Abu Ali ibn Sino nogʻorasimon istisqo (yel istisqosi)ni ham ajratadi. Istisqoning umumiy va mahalliy xillari bor. Umumiy istisqo yurak-tomir sistemasi (yurak shishlari, bunda shish koʻproq tananing pastki qismlarida boʻladi), buyrak kasalliklari, holdan toyish va oqsil yetishmovchiligi holatlarida yuzaga keladi. Mahalliy istisqo koʻpincha tananing maʼlum bir qismidagi venalar (darvoza, son venalari va b.)ning qisilishi natijasida paydo boʻladi. Istisqoda organizmda moddalar almashinuvining barcha turi izdan chiqadi, bu distrofiya, hatto toʻqimalarning irishiga olib keladi.

Davosi

tahrir

Asosiy kasallik bartaraf qilinadi. Suyuqlik koʻp yigʻilganda xirurgik davo qoʻllanadi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil