Jamoz ibn Shiho
Izz al-Din Abu Sanad Jamoz ibn Shiho ibn Hoshim al-Husayniy (arabcha: عز الدين أبو سند جماز بن شيحة بن هاشم الحسيني) 1259-yildan 1300–1301 yoki 1302–1303-yillarga qadar Madinaning Husayniy amiri, 1267–1268-yillardagi qisqa tanaffusdan keyin 1251–1252-yildan ukasi Munifning amiri yoki noibi boʻlib xizmat qilgan. 1270-yillarda Makka amirligini hukmdor Abu Numay Muhammad ibn Abu Saʼddan tortib olish uchun bir necha bor urinishlarini amalga oshirgan. 1271-yilga kelib urinishlari muvaffaqiyatli yakunlangan, biroq hokimiyat boshqaruvini uzoq muddat davomida ushlab turolmagan. 1288-yilga kelib yana qisqa vaqt ichida muvaffaqiyatga erishgan, ammo bu safar ham shaharni faqatgina bir necha oy davomida ushlab turgan. Qarib qolganligi va koʻz nurini yoʻqotganligi sababli 1304-yilning noyabr yoki dekabr oylarida vafotidan avval hokimiyatni oʻgʻli Mansur ibn Jamozga topshirgan.
Jamoz ibn Shiho | |
---|---|
Madina amiri | |
Saltanat | 1251-1252 – 1300-1301 yoki 1302-1303 |
Oʻtmishdoshi | Iso ibn Shiho |
Davomchisi | Mansur ibn Jamoz |
Hamkorlar | Munif ibn Shiho, Malik ibn Munif |
Makka amiri | |
Saltanat | 1271 |
Oʻtmishdoshi | Abu Numay Muhammad ibn Abu Saʼd |
Davomchisi | Abu Numay Muhammad ibn Abu Saʼd |
Saltanat | 1288 |
Oʻtmishdoshi | Abu Numay Muhammad ibn Abu Saʼd |
Davomchisi | Abu Numay Muhammad ibn Abu Saʼd |
Uy | Banu Muhanna |
Otasi | Shiho ibn Hoshim |
Hayoti
tahrirJamoz Shiho ibn Hoshimning kenja oʻgʻli boʻlib, Madina sharifini 1226–1227-yildan 1249-1250-yillarda oʻldirilguniga qadar boshqargan[1]. Shihoning oʻrniga hokimiyat boshqaruviga uning oʻgʻli Iso ibn Shiho tayinlangan edi, biroq tez orada Iso ikki ukasi Jamoz va Muniflar tomonidan qarshilikka uchraydi. Shu sababdab Iso ibn Shiho ukalarning Madinaga kirishini taqiqlaydi, ammo ular vazir yordami bilan shaharga kirishga muvaffaq boʻlishadi va 1251-1252-yillarda uni taxtdan agʻdarishadi[1].
XIV asrning madinalik tarixchisi Ibn Farhun Munifning Madina amiri, Jamozni esa uning vaziri boʻlganligini taʼkidlaydi, lekin boshqa manbalarda amirlik aka-ukalar tomonidan boshqarilganligi va Jamozning nisbatan yetakchi boʻlgan boʻlishi mumkinligi aytiladi[1]. 1259-yilda Munif vafot etgach, uning oʻgʻli Molik hokimiyat tepasiga kelish uchun hali voyaga yetmaganligi sababli ham Jamoz Madinaning yagona amiri sifatida qoladi[1]. 1254-yilda Jamoz ibn Shiho Rasuliylar hujumiga qarshi hukmdorlar Idris ibn Qatoda va Abu Numay ibn Abu Saʼdga yordam berish maqsadida Makkaga Madina qoʻshinini olib keladi, ammo Madina va Makka qoʻshinlari magʻlubiyatga uchraydi va Rasuliylar qoʻmondoni Ibn Birtos Makkani egallab oladi[1].
1266–1267-yillarda Molik ibn Munif voyaga yetgach, otasining merosiga daʼvo qilmoqchi boʻladi va yordam soʻrab Mamluklar davlati sultoni Baybarsga murojaat qiladi. Baybars Malikning iltimosini qabul qilib, uni amir etib tayinlaydi va Misr va Suriyadagi mulklaridan Madinaga ajratilgan xayriya vaqflarining yarmini unga beradi[1]. Jamoz ham bu qarorni qabul qilgan boʻlishiga qaramay, keyingi yili Molik amakisini Madinadan quvib chiqaradi. Jamoz Makka va qoʻshni Badaviy qabilalaridan yordam toʻplaydi, ammo Madinani qaytarib olish uchun qilgan harakatlari samarasiz yakunlanadi. Shunga qaramay, Molik kutilmaganda noaniq sabablarga koʻra oʻz lavozimidan isteʼfoga chiqadi va Jamozni shahar amiri lavozimiga tiklaydi[1]. 1269-yilda Jamoz va Malik oʻrtasida hokimiyat uchun qisqa kurash kechgan boʻlishi ham mumkin, ammo Jamoz Madinaning yagona hukmdori boʻlib qolgan[1].
Jamozning hokimiyat tepasidagi xavfsizligi taʼminlanganidan keyin u butun eʼtiborini oʻzi zabt etmoqchi boʻlgan Makka shahriga qaratadi. Shaharga qarshi ilk yurish rejalari 1268-1269-yillarda Abu Numay Idris ibn Qatodaning shahardan haydab yuborilganida amalga oshirilgan boʻlishi mumkin[1]. 1271-yilda Jamoz Yanbu amiri bilan ittifoq tuzadi va Makkani qirq kunda bosib oladi. 1275-yilgi yana bir yurish pul evaziga sulh bilan toʻxtatiladi, ammo keyingi yili Jamoz yana Yanbu amiri bilan ittifoq tuzadi. Ularning birlashgan kuchlari 215 otliq va 800 piyoda askarlaridan iborat boʻlib, Vodiy Mar az-Zahronda Abu Numayning ancha kichik qoʻshini tomonidan magʻlubiyatga uchraydi[1]. Jamoz Abu Numayning Mamluklar nazoratidan uzoqlashishga urinishlaridan foydalanib, nihoyat 1288-yilda Makkani egallashga muvaffaq boʻladi. Sulton Qalavun Abu Numayni itoatga qaytarish uchun Jamozga qoʻshinlarini beradi, lekin buning oʻrniga u qoʻshin bilan birga shaharni egallab oladi va juma xutbasida oʻz nomini oʻqib, uni tangalarga muhrlaydi. Uning hukmronligi bor-yoʻgʻi bir necha oy davom etadi, mamluk qoʻmondoni oʻzining aldanganini anglab, uning oʻrniga Abu Numay bilan muzokara boshlaydi va Jamozni Madinaga qaytishga majbur qiladi[1]. Shunday boʻlsa-da bu harakatlar Jamozning Mamluklar saroyidagi obroʻsiga ziyon keltirmaydi. 1292–1293-yilda Jamoz Qohiraga tashrif buyuradi va Qalavun vorisi tomonidan katta sharaf bilan kutib olinadi[1]. Uning sulolasi anʼanaviy ravishda oʻn ikki imom boʻlib, har doim shia marosimlarini qoʻllab-quvvatlagan boʻlsa-da, 1283–1284-yilda Mamluklar Al-Masjid an-Nabaviyga sunniy imom tayinlaydilar[1].
1300–1301 yoki 1302–1303-yillarda yoshi oʻtgani va koʻrish qobiliyati yomonlashgani sababli Jamoz hokimiyatni oʻgʻli Mansurga topshiradi. U qolgan oʻn bir nafar oʻgʻillarini ham Mansurga sodiqlik qasami bilan bogʻlashga urinadi, ammo bu harakati unchalik foyda bermaydi. 1304-yilning noyabr–dekabr oylarida Jamozning vafotidan keyingina ular oʻrtasida ochiq qarshilik paydo boʻladi[1].
Manbalar
tahrirAdabiyotlar
tahrir- Mortel, Richard T. (1994). "The Ḥusaynid Amirate of Madīna during the Mamlūk Period". Studia Islamica 80 (80): 97–123. doi:10.2307/1595853.
- Ibn Fahd, ‘Izz al-Dīn ‘Abd al-‘Azīz ibn ‘Umar ibn Muḥammad. Ghāyat al-marām bi-akhbār salṭanat al-Balad al-Ḥarām, 1st (ar) Shaltūt: , Makkah: Jāmi‘at Umm al-Qurá, Markaz al-Baḥth al-‘Ilmī wa-Iḥyā’ al-Turāth al-Islāmī, Kullīyat al-Sharīʻah wa-al-Dirāsāt al-Islāmīyah, 1988 — 48–53-bet.
- ‘Abd al-Ghanī, ‘Ārif Aḥmad. Tārīkh umarā' al-Madīnah al-Munawwarah (ar). Dimashq: Dār Kanān, 1996 — 264-bet.