Janubiy Shetland orollari
Janubiy Shetland orollari (ing. South Shetland Islands) — Antarktida orollari guruhiga tegishli orollar guruhi bo'lib, hududning umumiy hajmi 3,687 km2. Orollar Antarktida yarim orolidan 120 kilometr shimolda, Janubiy Orkney orollarining eng yaqin nuqtasidan 430 va 900 kilometr janubi-g'arbda joylashgan.[1] 1959-yilgi Antarktika shartnomasiga ko'ra, orollar suvereniteti shartnomani imzolovchi tomonlar tomonidan tan ham olinmagan, inkor ham etilmagan va bu har qanday imzolovchining harbiy bo'lmagan maqsadda foydalanishi uchun ochiq.
Geografiya | |
---|---|
Maydoni | 3,687 km2 km2 |
Dengiz sathidan balandligi | 2,105 m m. |
Eng baland nuqtasi | Foster tog'i |
Ma'muriyat | |
Davlat | |
Mintaqa | Antarktida |
Demografiya | |
Aholisi | 500 |
Qo'shimcha ma'lumot |
Orollar 1908-yilda Birlashgan Qirollik tomonidan, 1962-yildan esa Britaniya Antarktida hududi bir qismi sifatida da'vo qilingan. Orollar shuningdek Chili (1940-yildan beri Antártica Chilena viloyatining bir qismi sifatida) va Argentina hukumatlari (1943-yildan beri Argentina Antarktidasi, Tierra del Fuego viloyatining bir qismi sifatida) da'vo qilingan.
Orollarda bir necha mamlakaltarning tadqiqot stansiyalari joylashgan bo'lib, ularning ko'pchiligi Qirol George orolida joylashgan va oroldagi asosiy aerodrom Chili hukumatiga tegishli Eduardo Frei stansiyasida joylashgan.
Tarixi
tahrirOrollar britan dengizchisi William Smith tomonidan William kemasi safari paytida 1819-yilda kashf etilgan. Golland dengizchisi Dirck Gerritsz 1599-yilda va ispan admirali Gabriel de Castilla 1603-yilda orollarni ko'rgan bo'lishi, yoki Shimoliy Amerikalik tyulen ovlovchilari Smithdan oldin orollarga tashrif buyurgan bo'lishi ehtimoli bo'lsada, bu da'volarni tasdiqlash uchun manbalar yetarli emas. Smithning kashfiyoti esa, aksincha, batafsil yoritilgan va shunchaki geografik kashfiyot bo'lishdan tashqari ko'plab voqealar rivojiga boshlang'ich nuqta sifatida xizmat qilgan.[2]
Chililik olimlar Amerikalik hindular orollarga tashrif buyurishganini da'vo qilishgan va bunga asos sifatida Qirol George orolidagi Admirallik ko'rfazi hamda Greenwich orolidagi Kashfiyot ko'rfazi suvlari ostida o'tkazilgan tadqiqotda topilgan tosh topilmalarni keltirishgan[3] bo'lsada, keyinchalik bu topilmalar — ikki kamon o'qi uchlari — tadqiqot joyiga sun'iy joylashtirilgani aniqlandi.[4] 1818-yilda Juan Pedro de Aguirre Buenos Ayresdagi hukumatdan "Janubiy qutb yaqinidagi ba'zi orollarda" tyulenlar ovlash bazasi barpo etish uchun ruxsat oladi.[5]
Britan savdo brigi William kapitani William Smith Horn burunidan Chilidagi Valparaíso porti tomon yo'lidan chetga chiqib ketadi va 1819-yil 19-fevral kuni Livingston orolining shimoli-sharqiy burchagi bo'lmish Williams Pointni ko'radi. Shunday qilib, Livingston oroli 60° janubiy kenglikdan janubda kashf etilgan eng dastlabki yer bo'ldi. Smith keyinchalik Janubiy Shetland orollariga yana tashrif buyurdi va 1819-yil 16-oktyabrda Qirol George oroliga tushib, orollarni Britaniya mulki deb e'lon qildi.
Orada ispan harbiy-dengiz flotiga tegishli kema San Telmo 1819-yil sentyabrida Drake boʻgʻozidan o'tayotgan paytda cho'kib, kema qoldiqlari keyinchalik tyulen ovlovchilari tomonidan Livingston orolining shimoliy qirg'oqlaridan topilgan. San Telmo ekipaji va kema bortida bo'lgan brigadir Rosendo Porlier qo'mondonligidagi askarlar (jami 644 kishi) Antarktidaga qadam qo'ygan birinchi insonlar sifatida tarixda qolgan.[6]
1819-yil dekabrdan 1820-yil yanvariga qadar Britaniya Qirollik dengiz floti Leytenanti Edward Bransfield William kemasidan turib orollarni o'lchaydi va xaritalashtiradi.
1819-yil 15-noyabrida Valparaísodagi Amerika Qoʻshma Shtatlari agenti Jeremy Robinson AQSh Davlat kotibi John Quincy Adamsni Smithning kashfiyotidan hamda Bransfield tomonidan ekspeditsiya uyushtirilayotganidan boxabar qiladi va "yangi boylik, qudrat va farovonlik manbasi bo'luvchi, qolaversa ilm-fan uchun ham foydali bo'lgan" operatsiya uchun harbiy flot kemalaridan birini jo'natishini so'raydi.
Orollarning kashf etilishi britan va amerikalik tyulen ovlovchilarini o'ziga jalb qildi. Hududda ov qilgan birinchi tyulen ovlovchi kema Buenos Ayresdagi britan savdogarlariga tegishli Espirito Santo brigi edi. Kema Livingston oroli yaqinidagi Ragged oroliga kelib to'xtadi va kema ekipaji orolga 1819-yil Mavlud kunida tushadi va orollarni qirol George III mulki deb e'lon qiladi. Sayohat davomidagi voqealar hikoyasi brig komandiri Joseph Herring tomonidan Imperial Magazine nashrining 1820-yil iyul sonida bosib chiqariladi. Espirito Santodan keyin orolga qadam qo'ygan kema kapitan James Sheffield (kapitan o'rinbosari Nathaniel Palmer) qo'li ostidagi Amerika brigi Hersilia bo'lib, brig Falkland orollaridan yo'lga chiqadi va Janubiy Shetland orollarida tyulen ovlagan birinchi AQSH kemasi bo'ldi.
Antarktidada birinchi bora qishlab qolgan insonlar ham aynan Janubiy Shetland orollarida qishlab qolgan bo'lib, 1820-1821-yillar mavsumi yakunida Lord Melville kemasi bortidagi 11 britaniyalik Qirol George orolini tark eta olmaydi va keyingi mavsum boshida qutqarilishlarini kutib, qishni orolda o'tkazishadi. Antarktida qit'asini dengiz orqali aylanib chiqishga muvaffaq bo'lgan, Fabian von Bellingshausen va Mixail Lazarev boshchiligidagi Rus Antarktik Ekspeditsiyasi 1821-yil yanvarida Janubiy Shetland orollariga yetib keladi. Orollarni o'lchab, nomlab chiqqan ruslar ham Qirol George oroliga, ham Mordvinov oroliga (Fil oroli) qadam qo'yishadi. Deception oroli va Livingston orollari oralig'ida suzayotganda Bellingshausen huzuriga Amerika brigi komandiri Nathaniel Palmer tashrif buyuradi va unga hududda suzib yurgan o'nlab Amerika va Britaniya kemalarining faoliyatlari haqida so'zlab beradi.
Biroz muddat orollar "Yangi Janubiy Britaniya" deb ataladi va tezda bu nom "Janubiy Shetland orollari" (Shotlandiya shimolidagi Shetland orollari nomi bilan) deb o'zgartiriladi. Bugungi kunda xalqaro hamjamiyatda Janubiy Shetland orollari nomi qabul qilingan. Ikki orol to'plamlari Ekvatordan deyarli bir xil masofada joylashgan bo'lib, 60° Shimoliy kenglikda joylashgan (Shotlandiyadagi) Shetlend orollari Gulfstream oqimi tufayli iliq bo'lsa, Janubiy Shetland orollari iqlimi ancha sovuqroqdir.
Orollarda XIX asr hamda XX asr boshlarida tyulen va kit ovlangan. Tyulen ovlash 1820-yildan 1908-yilgacha davom etgan bo'lib, bu muddat davomida orollarga 198 ta kema tashrif buyurgani qayd etilgan.[7] Ushbu kemalardan 12 tasi halokatga uchragan. Tyulen ovchiligi davridan qolgan qoldiqlar qatorida temir tuvaklar, xaroba kulbalar va turli-tuman yozuvlar mavjud.
1908-yildan boshlab orollar Falkland orollari hududlarining bir qismi sifatida boshqarilgan. Lekin orollarda faqat 1944-yilda ilmiy-tadqiqot stansiyasi barpo etilishi bilan muntazam ravishda inson istiqomati boshlangan. Arxipelag, uning yaqinidagi Antarktida yarim oroli hamda Janubiy Georgia oroli janubiy yoz oylarida tobora turistlar gavjum manzilgohga aylanib bormoqda.
Geografiyasi
tahrirOrollar guruhi sifatida Janubiy Shetland orollari koordinatasi quyidagicha: 62°0′S 58°0′W / 62.000°S 58.000°W. Orollar Falkland orollaridan 940 km janubda, Antarktida qit'asining eng yaqin nuqtasi — Graham yeridan 93 km (Deception oroli) va 269 km (Clarence oroli) shimoli-g'arb va shimolda joylashgan.
Janubiy Shetland orollari 11 yirik orol va bir necha kichik orollardan iborat bo'lib, orollarning jami hududi hajmi 3,687 km2 ni tashkil qiladi. Orollar yuzasining 80-90 % qismi abadiy muzlik bilan qoplangan.
Orollar g'arbi-janubi-g'arbidagi Smith oroli va Low orolidan sharq-shimoli-sharqqa Fil oroli va Clarence oroli tomon 450 km ga cho'zilgan.
Vulqonlar
tahrirOrollarda Toʻrtlamchi davrida faol bo'lgan vulqonlar mavjud. Bu vulqonlarning kelib chiqishi Bransfield rifti tektonikasi bilan bog'liq. Ma'lum vulqonlar, g'arbdan sharqqa qarab: Sail qoyasi, Deception oroli, Rezen tepaligi, Gleaner tepaligi, Inott Point. Pingvin oroli, Melville cho'qqisi va Bridgeman oroli.[8] Vulqon qoyalarining ko'pchiligi bazalt va bazalt andesitidan iborat.[8]
Orollardagi To'rtlamchi davr vulqon chiqindilari tarkibida Antarktida yarim orolidagi Larsen rifti bilan solishtirganda potassiy va sodiy kamroq va niobiy/ittriy konsentratsiyalari ham pastroq.[8]
Iqlimi
tahrirOrollar ekvatordan xuddi shimoliy Atlantika okeanidagi Faroe orollari kabi masofada joylashgan bo'lsada, ularning Antarktidaga yaqinligi iqlimning sovuqligiga sabab bo'ladi. Orollarni o'rab turuvchi dengiz aprel boshidan dekabr boshigacha muz bilan qoplanadi va orollardagi o'rtacha oylik havo harorati yiliga sakkiz oy davomida (aprel-noyabr) 0 °C dan past bo'ladi.
So'nggi yillar davomida oroldagi gleysherlar sezilarli darajada qisqargan bo'lsada, orollar yoz oylarida ham 80 % muzlik darajasini saqlab kelmoqda.
Orollar iqlimi yil davomida nam va bulutli. Barcha fasllarda kuchli g'arb shamoli esib turadi. Qish oxiri va bahorda janubdan juda sovuq iqlim kelgan paytlarda quyoshli kunlar kuzatiladi. O'rtacha yozgi havo harorati 1.5 °C, qishda esa o'rtacha harorat −5 °C. Okean ta'sirida yoz oylarida havo harorati past bo'lib, qishda qit'adagi kabi harorat pasayib ketmaydi.[9]
Flora va fauna
tahrirQattiq iqlim sharoitlariga qaramasdan, orollarda o'simliklar mavjud va orollar Janubiy Georgiya va Janubiy Sandwich orollari, Janubiy Orkney orollari hamda Bouvet oroli bilan birgalikda tundra ekomintaqasini tashkil qiladi. Bu orollarning barchasi Antarktida konvergensiyasi chizig'idan janubda joylashgan. Bu hududlarda moxlar, lishayniklar va suv o'tlaridan iborat tundra florasi mavjud. Orollarni o'rab turuvchi suvlarda turli dengiz qushlari, pingvinlar va tyulenlar ov qiladi.
Orollar
tahrirShimoldan janubga qarab, Janubiy Shetland orollaridagi yirik va ba'zi kichik orollar nomlari quyida:
- Cornwallis oroli (kichik)
- Fil oroli (ruscha: "Мордвинов")
- Clarence oroli (ruscha: "Шишков")
- Rowett oroli (kichik)
- Gibbs oroli (kichik)
- Eadie oroli (kichik)
- Qirol George oroli (arxipelagdagi eng yirik orol. Inglizcha: "King George Island" ispancha: "Isla 25 de Mayo"; ruscha: "Ватерлоо")
- Bridgeman oroli (kichik)
- Pingvin oroli (kichik — Antarktida mintaqasidagi bir qancha Pingvin orollaridan biri)
- Nelson oroli (ruscha: "Лейпциг")
- Robert oroli (ruscha: "По́лоцк")
- Qo'riqchi qoya (kichik)
- Kursi oroli (kichik)
- Aitcho orollari (kichik)
- Greenwich oroli (ruscha: "Березин")
- Yarimoy oroli (kichik)
- Desolation oroli (kichik)
- Livingston oroli (kattaligi bo'yicha ikkinchi, ruscha: "Смоленск")
- Ragged oroli (kichik — Antartida mintaqasidagi bir nechta shu nomdagi orollardan biri)
- Snow oroli (Antartida mintaqasidagi bir nechta shu nomdagi orollardan biri; ruscha: "Ма́лый Яросла́вец")
- Smith oroli (ruscha: "Бородино")
- Deception oroli (ruscha: "Те́йл")
- Low oroli
- Tyulen orollari (kichik)
- O'rta orol (yo'qoluvchi)
Tadqiqot stansiyalari
tahrirOrollarda bir nechta davlatlarning ilmiy-tadqiqot stansiyalari mavjud:
- Argentina — Cámara (1953-yildan beri, yozgi)
- Argentina — Carlini (1953-yildan beri, to'rt fasl)
- Argentina — Base Decepción (1948-yildan beri, yozgi)
- Bolgariya — St. Kliment Ohridski (1988-yildan beri, yozgi)
- Braziliya — Comandante Ferraz Antarktida stansiyasi (1984-yildan beri, to'rt fasl)
- Chili — Presidente Eduardo Frei bazasi (1969-yildan beri, to'rt fasl)
- Chili — Profesor Julio Escudero bazasi (1994-yildan beri, to'rt fasl)
- Chili — Kapitan Arturo Prat bazasi (1947-yildan beri, to'rt fasl)
- Chili — Doktor Guillermo Mann bazasi (1991-yildan beri, yozgi)
- Xitoy — Chang Cheng / Buyuk Devor (1985-yildan beri, to'rt fasl)
- Ekvador — Pedro Vicente Maldonado bazasi (1990-yildan beri, yozgi)
- Ispaniya — Juan Carlos I Antarktida bazasi (1988-yildan beri, yozgi)
- Ispaniya — Gabriel de Castilla bazasi (1989-yildan beri, yozgi)
- Koreya Respublikasi — Qirol Sejong stansiyasi (1988-yildan beri, to'rt fasl)
- Peru — Machu Picchu tadqiqot stansiyasi (1989-yildan beri, yozgi)
- Polsha — Henryk Arctowski Polyak Antarktida stansiyasi (1977-yildan beri, to'rt fasl)
- Rossiya — Bellingshausen stansiyasi (1968-yildan beri, to'rt fasl)
- AQSh — Shirreff bazasi (1996-yildan beri, yozgi)
- Urugvay — Artigas bazasi (1984-yildan beri, to'rt fasl)
Dala lagerlari
tahrirAdabiyot va san'atda aks etishi
tahrir- Arxipelag Elizabeth Cruwys va Beau Riffenburghlarning Antarktik triller romani Qotil kema (ing: Killing ship) uchun sahna vazifasini bajaradi.[10][11]
- Hazel Priorning Yo'qolsin pingvinlar! (ing: Away with the Penguins) asari voqealari arxipelagdagi hayoliy "Locket oroli"dagi tadqiqot stansiyasida sodir bo'ladi.
Shuningdek qarang
tahrirManbalar
tahrir- ↑ "South Shetland Islands". North Dakota State University.
- ↑ Ivanov, L. General Geography and History of Livingston Island, Bulgarian Antarctic Research: A Synthesis C. Pimpirev, N. Chipev: . Sofia: St. Kliment Ohridski University Press, 2015 — 17–28-bet. ISBN 978-954-07-3939-7.
- ↑ Hattersley-Smith, G (June 1983). „Fuegian Indians in the Falkland Islands“. Polar Record. 21-jild, № 135. Cambridge University Press. 605–606-bet. doi:10.1017/S003224740002204X. ISSN 0032-2474.
- ↑ Griffiths, Tom. Slicing the Silence: Voyaging to Antarctica. Harvard University Press — 344–345-bet. ISBN 978-0674026339.
- ↑ "Dirección Nacional del Antártico | Ministerio de Relaciones Exteriores, Comercio Internacional y Culto". cancilleria.gob.ar.
- ↑ Martinez-Bahamonde, Rafael. El navio San Telmo: Los Primeros en pisar la Antartida. Una reparación histórica (Ispancha). University of the Basque Country – Escuela de Ingeniería de Bilbao, 2019.
- ↑ Historical Antarctic sealing industry R.K. Headland: . Scott Polar Research Institute (Cambridge University), 2018 — 168-bet. ISBN 978-0-901021-26-7.
- ↑ 8,0 8,1 8,2 Kraus, Stefan; Kurbatov, Andrei; Yates, Martin (2013). „Geochemical signatures of tephras from Quaternary Antarctic Peninsula volcanoes“. Andean Geology. 1-jild, № 40. 1–40-bet. doi:10.5027/andgeoV40n1-a01.
- ↑ GHCN Climate data, GISS data publications, period 1978-2007
- ↑ Beaufort, Simon (taxallus); Cruwys, Elizabeth; Riffenburgh, Beau. The Killing Ship. Sutton, Surrey, UK: Severn House Publishers — 1–224-bet. ISBN 978-0-7278-8639-2.
- ↑ Susanna Gregory - bu muallif Elizabeth Cruwysning taxallusi, Simon Beaufort esa Elizabeth Cruwys va Beau Riffenburghning birgalikdagi ishlatadigan taxallusi.