Jezqazgʻan mis koni - Qozogʻistonning Jezqazgʻan sh. yaqinidagi mis koni. Kon toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumot manbalarda 1771-yilda qayd etilgan, mis rudasi uyumlari 18-asr oxirida maʼlum boʻlgan. Kon mukammal oʻrganilib, 1928-yil ishga tushirilgan. Tektonik jihatdan J.m.k. JezqazgʻanSarisu muldasining shim.da joylashgan. Uning pastida quyi devon yotqiziqlari (qumtosh qatlamchalari aralash turli tarkibli qizil rangli vulkanogen jinslar) joylashgan. Bular oʻrta devon terrigen (qizil rangli qumtosh va konglomeratlar) va karbonatli (kremniylashgan ohaktoshlar, mergellar) jinslar bilan qoplangan. J.m.k. samarador Jezqazgʻan svitasida joylashgan. Jezqazgʻan svitasi navbatlangan kulrang va qizil rangli koʻp yarusli qumtosh qatlamlaridan tashkil topgan. Faqat kulrang qumtoshlar rudali. Ruda jinslarining qalinligi 1,5 m dan 30 m gacha va undan ortiq, 110° gacha burchak ostida enkaygan. Rudaning asosiy zaxirasi 300–350 m chuqurlikdagi birlamchi sulfidli ruda uyumlarida joylashgan. Ruda minerallari: xalkozin, bornit, galenit va sfalerit. Kondan misdan tashqari qoʻrgʻoshin, kumush va b. rudalar ham olinadi. Konning sanoat ahamiyati katta.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil