Jinoyat huquqi
Jinoyat huquqi - huquq tizimining bir tarmogʻi; oliy davlat hokimiyati organi tomonidan oʻrnatilgan, qonun bilan qoʻriqlanadigan, ijtimoiy munosabatlar uchun xavfli boʻlgan tajovuzlarning jinoyat ekanligi va jazoga loyiqligini, jazo choralari tayinlash shartlari va tartibini hamda jinoiy javobgarlikdan va jazodan ozod qilishni belgilaydigan huquqiy meʼyorlar yigʻindisi. Oʻzbekiston Respublikasida Jinoyat huquqining asosiy manbai Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va jinoyat qonunidir. Jinoyat huquq jinoyat qonunining amalda tatbiq qilinishidan kelib chiqadigan munosabatlarni oʻrganadi, jinoiy javobgarlik asoslari va tamoyillarini belgilaydi. Jinoyat huquqining vazifalari shaxsni, uning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini, mulkni, tabiiy muhitni, tinchlikni, insoniyat xavfsizligini jinoiy tajovuzlardan qoʻriqlash, shuningdek, jinoyatlarning oldini olishdan, fuqarolarni Konstitutsiya va qonunlarga rioya qilish ruhida tarbiyalashdan iborat. Jinoyat huquqi davr talabidan kelib chiqqan holda qonuniylik, fuqarolarning qonun oldidagi tengligi, demokratizm, insonparvarlik, odillik, ayb uchun javobgarlik, javobgarlikning muqarrarligi qoidalariga asoslanadi. Jinoyat huquqi 2 qismdan iborat. Bular: Umumiy qism va Maxsus qism. Umumiy qism Jinoyat huquqining vazifalari va tamoyillarini amalda qoʻllanish doirasi, javobgarlikning asoslari, jazo turlari va ularni tayinlash, javobgarlikdan va jazodan ozod qilish, voyaga yetmaganlar javobgarligi va tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari toʻgʻrisidagi masalalarni oʻz ichiga oladi. Umumiy qismda 7 bo'lim 17 bob 96 ta modda bor. Maxsus qism esa alohida jinoyatlar va shu jinoyatlar uchun tayinlanadigan jazolarni oʻz ichiga oladi. Maxsus qismda 8 bo'lim 26 bob va 206 ta modda bor.
Jinoyat huquqi fani jinoyat qonunchiligining ijtimoiy vazifalari va ijtimoiy samaradorligini, rivojlanish tamoyillari va muammolarini ham oʻrganadi.[1]
Manbalar
tahrirBu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |