Kalahari — Jan. Afrikaning markaziy qismidagi chala choʻlli tabiiy oʻlka. Botsvana, JAR, Namibiya, Zambiya, Zimbabve, Angola hududida. Uzunligi 2000 km chamasida, kengligi 1200 km dan ziyod. Mayd. 630 ming km2. Plato va yassitogʻlar bilan oʻralgan eol relyef shakliga ega botikdan iborat. Shim,da Kongo-Zambezi suvayirgʻichi, jan. da Oranj daryosi vodiysi bilan chegaralanadi. Yer yuzasi bir oz past-baland, koʻp qismi qum bilan qoplangan boʻlib, bal. 900–1000 m. Iqlimi tropik va subekvatorial iqlim, oʻrtacha temperaturasi yozda 24—26°, qishda 12—18°. Yiliga 150 mm dan 1000 mm gacha yogʻin yogʻadi (eng koʻp yogʻin dek.—fev. oylariga toʻgʻri keladi). Daryo kam. Shoʻr suvli sayoz koʻl va botqoqlik koʻp. Tuprogʻi jigarrang-qizil, laterit, qizil-qoʻngʻir tuproq. Oʻsimlik dunyosi — shim.da savannalardan, jan.da chul va chala chul oʻsimliklaridan iborat. Katta qismida oʻsimlik umuman oʻsmaydi. Hayvonot dunyosi Efiopiya oblastining Afrika kichik oblastiga mansub. Aholining asosiy qismi ovchilik va chorvachilik bilan shugʻullanadi. K.ning jan. qismida tovar mahsulot beruvchi chorvachilik rivojlangan, ayrim yerlarda dehqonchilik qilinadi. K. hududida Etosha-Pan milliy parki tashkil etilgan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil