Kalkutta
Kalkutta, Kalkatta — Hindistondagi shahar, Hugli daryosi (Gang daryosining irmogʻi) boʻyida. Gʻarbiy Bengaliya shtatining maʼmuriy markazi. Mamlakatning eng katta iqtisodiy, savdo-moliya va madaniy markazlaridan. Aholisi 4,4 mln. kishidan ziyod, Katta Kalkuttada 11,5 mln. kishi (1990-yillar oʻrtalari). Katta Kalkutta oʻzaro tutashib ketgan va daryo sohili boʻylab 100 km ga choʻzilgan bir necha oʻnlab katta-kichik shaharlardan iborat.
Iqtisodiy geografik oʻrnining qulayligi K.ning rivojlanishiga imkon yaratdi. Kalkutta — transport yoʻllari tuguni, yirik port. Kalkutta porti yuk eksport qilishda 1-oʻrinda, import boʻyicha Bombay (Mumbay)dan keyin turadi (yillik yuk ortib-tushirish 10 mln. t). Xalqaro aeroport (Damdam), metropoliten bor. Kalkutta sanoati mahsulotining yetakchi tarmogʻi — jut sanoati (90% milliy va dunyo jut sanoati mahsulotining qariyb yarmini beradi). Katta Kalkuttada 100 dan ortiq jut korxonasi bor. Metallsozlik va mashinasozlik (sanoat uskunalari, elektronika, kemasozlik va kema remonti, avtomobilsozlik, stanoksozlik) korxonalari mavjud. Boʻyoqlar, plastmassa, rezina buyumlari, kimyofarmatsevtika preparatlari, oʻgʻitlar, ip gazlama, trikotaj, oyna, kun poyabzal ishlab chiqarish, poligrafiya, neft kimyosi hamda oziq-ovqat sanoatlari rivojlangan.
Kalkuttaga 1686—90-yillarda Angliyaning OstIndiya kompaniyasi asos solgan. Shahar kompaniyaning faktoriyasi va Uilyam forti atrofida qurila boshladi. Fort atrofidagi 3 qishloqdan birining nomi bilan Kalkutta (Kaligat) deb atalgan. 1757-yil 23-iyulda Kalkuttadan shimolrokda joylashgan Plessi qishlogʻi yonida boʻlib oʻtgan jangda inglizlar (800 ingliz askari va 2200 sipohi) Bengaliya navobi Siroj ud-Davlaning 68 ming kishilik qoʻshinini tormor etdilar. Oʻsha jangdan soʻng Hindistonda Britaniya mustamlakachi imperiyasi oʻrnatila boshladi, Kalkutta esa uning maʼmuriy markazi boʻlib qoldi. 1773—1911 -yillarda shahar Hindistondagi ingliz mustamlaka maʼmuriyatining eng katta sanoat, savdo, moliya va madaniy markazi edi. 19-asr oʻrtalarida Kalkuttada choy, toʻqimachilik va jut sanoatining yirik fabrika va zavodlari qurildi. 1911 yilda Britaniya Hindistoni poytaxtining Dehliga koʻchirilishi bilan Kalkutta oʻzining avvalgi mavqeini yoʻqotdi.
Kalkuttada 2 ta universitet (jumladan, Kalkutta universiteti) va boshqa oliy oʻquv yurtlari, ilmiy tadqiqot muassasalari, Milliy kutubxona (1912), Hind muzeyi (1814), Viktoriya muzeyi (1906), botanika bogʻi, rasadxona bor. Qalʼa (Uilyam forti, 1696—1781) saqlangan. Kalkuttaning tarixiy markazi boʻlgan bu qalʼa shaharni ikkiga — hukumat binolari, universitet, hashamatli uy-joylar va sanoat, savdo korxonalari, ishchilar mahallalari joylashgan qismlarga boʻlib turadi.[1]
Manbalar
tahrir
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |