Kampirak
Kampirak, Kanpirak, Kampir devori — Navoiy viloyatining Karmana va qisman Qiziltepa tumanlari hududidan oʻtgan devor.
Joylashuv | Karmana, Qiziltepa |
---|---|
Material | Paxsa, xom g'isht |
Balandligi | 1-3 metr |
Qurila boshlagan | V-VI asrlar |
Xarita |
„Kampirdevol“ning sharq tomoni Karmana tumani markazi chegarasidagi Qoratogʻ etaklaridan boshlanib, Zarafshon daryosining chap qirgʻogʻi boʻylab sharqdan gʻarbga tomon yoʻnalgan[1]. Tarixchilar va arxeologlar Kampir devoriga „Voha devori“ deb nom bergan. Chunki devor alohida joylashgan bir turkum shahar va qishloqlar mudofaasi uchun, undan tashqari ulkan madaniy hudud, Zarafshon vodiysi mudofaasi uchun xizmat qilgan[2]. Baʼzi tarixchilar uni Buyuk Xitoy devoriga, baʼzilar Samarqand shahri va uning atrofini oʻrab turgan Qiyomat devori (Devori Qiyomat) ga oʻxshatishadi. V-VI asrlarda barpo etilgan Kampirak devorining uzunligi 300 kmdan ortiqroq. „Kanpir devor“i „qazilgan choh“ degan maʼnoni bildiradi. Kampirak devorining Qiziltepa tumani hududida saqlanib qolgan xarobalarida arxeologlar A.Yakubovskiy, A.Shishkin, X.Muhammedov va boshqalar qazishma ishlari olib borgan. Ular oʻtkazgan tadqiqotlar natijasida fanga quyidagi yangiliklar maʼlum boʻldi:
Devorning tag poydevori shagʻal aralash tuproqdan iborat, eni 3 metr.
Devor asosan paxsadan, baʼzi joylari esa qisman toʻrtburchak shaklidagi yirik hajmli xom gʻishtdan qurilgan.
Devor qurilishi ikki bosqichda amalga oshirilgan. Oʻzbekiston tarixida Kampirak devori atamasi Oʻrta Osiyodagi dehqonchilik vohalarini koʻchmanchi qabilalar hujumidan himoya qilish maqsadida barpo etilgan mudofaa inshootlari tizimini anglatadi. Bu devor shimoli-gʻarbda Varaxsha (Jondor tumani), undan Subuktepa, Boʻrontepa (Romiton), Xoʻjaqultepa (Peshkoʻ), sarhadlari boʻylab oʻtib, Shofirkon kanalining chap qirgʻogʻi boʻylab oʻtgan va Abu Muslimtepaga borib tutashgan. Va shuningdek, Hazora darasi boʻylab yana bir koʻtarma devor Konimex vohasini kesib oʻtgan va Karmana tumani markazida Qoratovga borib taqalgan[3].
2012—2015-yillarda Oʻzbekiston-AQShning arxeologiya boʻyicha qoʻshma ekspeditsiya oʻtkazgan. Ekspeditsiya xulosasiga koʻra, Ganchtepa (Boʻritepa) Kanpirak devori bilan bir vaqtda yaʼni V asrda bunyod etilgan. U mudofaa istehkomi vazifasini ham bajargan.
Manbalar
tahrir- ↑ „Navoiy viloyatining 7 mo'jizasi haqida bilasizmi“. Qaraldi: 25-iyul 2023-yil.
- ↑ Р. Мақсудов, Қ.Ражабов. Қизилтепа тумани: кеча ва бугун. Sahhof 2021 — 19-bet. ISBN 978-9943-66-65-1-1.
- ↑ Normurod Norqobilov „Buyuk Xitoy devoriga bo‘ylashgan – Kanpirak“. Qaraldi: 25-iyul 2023-yil.