Kanal boʻyi ihotazorlari -kanallar boʻylarida barpo etiladigan daraxtzorlar; muhim agromeliorativ tadbir. Kanal qirgʻoqlarini mustahkamlash, chang va qum boʻronlari taʼsirini kamaytirish, soyalash evaziga kanalda oʻtlar oʻsishini qisqartirish maqsadlarida qoʻllanadi. K.b.i. kanal oʻzanidan filtratsiyaga sarflanayotgan suvni sugʻoriladigan dalalarga oʻtishi va yerga singishini kamaytiradi va sizot suv sathini pasaytiradi (biologik zovur), mikroiqlimni yaxshilaydi. K.b.i. xoʻjalik sugʻorish va kollek-torzovur tarmoqlarini loyqa va begona oʻtlardan tozalashda xalaqit bermasligi uchun uning bir tomonidan — iloji boricha janub tomonidan joylashtiriladi.

Yirik magistral kanallar va ochiq kollektorlarning bir yoki ikkala yoqasida 4—5 qatordan iborat ihota daraxtlari ekiladi. Chekkadagi ihota qatorlari kanal boʻyidan 3 m dan kam boʻlmagan masofada joylashtiriladi. Suv omborlari atrofida ihota daraxtzorlari qatorli soni 3 dan ortiq va umumiy kengligi 20 m dan kam boʻlmaydi. Ihota sifatida tol, oq terak, tut, qayragʻoch, dub, chinor, oq akatsiya, gledichiya kabi daraxtlar hamda butalardan foydalaniladi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil