Kapurlar oilasi
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Bu maqolaga boshqa birorta sahifadan
ishorat yoʻq. (avgust 2024) |
Kapurlar oilasi — jahonga tanilgan hind kino arboblari oilasi. Pritxviraj Kapur (1904.3.11 — 1972.29.5) — hind aktyori, teatr rejissyori. Lahordagi xuquqiy kollejni tugatgan. Oldin ovozsiz filmlarda, 1931-yil esa birinchi hind ovozli filmi ("Olamning goʻzalligi")da suratga tushgan. Juda koʻp tarixiy filmlarda oʻynagan. 1944-yil birinchi hind professional teatri ("Pritxvitietrs")ni tashkil etdi. "Daydi", "Oʻtmish, hozirgi kun, kelajak", "Uch dengiz osha sayohat" kabi filmlarda suratga tushgan. Butun Hindiston Tinchlik kengashining vitse prezidenti boʻlgan.
Raj Kapur, haqiqiy ismi Ranbir Raj (1924.14.12, Peshovar — 1988.2.6, Bombay) — hind aktyori, rejissyor, ssenariychi, prodyuser. Pritxviraj Kapurning oʻgʻli. Hind kinosida oʻziga xos maktab yaratgan sanʼatkor. Kinodagi faoliyatini "Randjit" kinostudiyasida assistentlikdan boshlagan. Dastlab "Gauri" va "Bizning ish" filmlarida kichik rollar ijro etdi. 1946-yilda "Valminki", "Moviy nilufar", "Chittoridagi gʻalaba" filmlarida suratga tushdi. 1947-yil da Bombayda "Raj Kapur filme" kinostudiyasini tashkil etdi. "Daydi", "Janov 420", "Tun qaʼrida", "Sangam", "Mening ismim — masharaboz" va b. filmlarda rejissyor va bosh rol ijrochisi sifatida jahonga tanildi. "Bobbi", "Haqiqat, muqaddaslik, goʻzallik", "Muhabbat noxushligi", "Abdulla", "Gang daryosi oqadigan yurt" va b. u yaratgan eng yaxshi filmlardandir. Uning filmlari juda koʻp xalqaro kinofestivallar (mas, Kann, Karlovo — Vari va b.)da sovrin va mukofotlar olgan. Koʻp filmlari Oʻzbekistonda namoyish etilgan. U Toshkent xalqaro kinofestivalining doimiy qatnashchisi boʻlgan.
Shammi Kapur (1930.21.3, Peshovar) — aktyor. Pritxviraj Kapurning oʻgʻli. "Tumsa Naxin Dekxa", "Dil Deka Dekxo", "Oʻrmonzor" singari 150 dan ortiq filmda oʻynagan.
Shoshiy Kapur (1938.18.3) -aktyor. Pritxviraj Kapurning oʻgʻli. Yoshligida "Pritxvi — tietrs" sahnasida rollar oʻynagan. "Daydi", "Toʻsiq" kabi filmlarda kichik rollar ijro etgan. 80-y.larga kelib eng ommabop hind aktyoriga aylandi. "Suratkash", "Jazirama va chang" kabi 100 dan or-tiq filmda suratga tushgan.
Randxir Kapur (1947) — aktyor. Raj Kapurning oʻgʻli. Dastlab "Oʻtmish, hozirgi kun va kelajak" filmida aktyor hamda rejissyor sifatida qatnashgan. Keyinchalik "Qoʻshma sayohat", "Chaqqon qoʻl", "Qasam va vaʼda", "Kasos qonuni" singari bir qancha filmlarda bosh rollarni oʻynagan.
Rishi Kapur (1951.4.6) — aktyor. Raj Kapurning oʻgʻli. Bolaligida otasining "Mening ismim — masharaboz" filmida suratga tushgan. Aktyor "Bobbi", "Qasoskor", "Sevgi — bu hayot", "Layli va Majnun", "Aktyor boʻl" kabi filmlardagi bosh rollari bilan jahonga tanildi.
Oilaning eng kichik davomchisi Karishma Kapur boʻlib, hozir Hindistonning eng yorqin kinoyulduzlaridan. Aktyorlar Randxir K. va Babitalarning qizi. "Jit", "Rakshak", "Raja Xindustani", "1-sonli qahramon" kabi 70 ga yaqin filmda muhabbat sanamlarini oʻynadi.
Saodat Xoʻjayeva.[1]
Manbalar
tahrirBu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |