KASALS (Casals) Pablo (1876.29.12, Barselona yaqinidagi Vendrel qishlogʻi — 1973.22.10, PuertoRiko, San-Xuan sh.) — ispan sozandasi (violonchel), dirijyor, kompozitor, musiqa-jamoat arbobi; 20-asr jahon musiqasi namoyandalaridan. Barselona va Madrid konservatoriyalarida taʼlim olgan. Konsert faoliyatini 1890-y.larda Barselonada boshlagan. 1899-yildan Yevropa va Amerika mamlakatlarida, 1901-yildan jahon boʻylab gastrolda boʻlgan. K. zamonaviy violonchel ijrochiligida yangi davr ochdi, uning ijrosi sermazmunligi, oʻta ifodaviyligi, yuksak texnik va badiiy mahorati, turli musiqa uslublarini chuqur his etishi bilan ajralib turadi. Barselonada ilk simfonik orkestr (1920) va Ishchilar musiqa jamiyatini (1924), San-Xuanda simfonik orkestr (1959) va konservatoriyani (1960), Prad (Fransiya, 1950) va San-Xuanda (1957) musiqa festivallarini tashkil qilgan. Bir necha simfonik, xor, kamer-cholgʻu asarlar muallifi. BMT uchun "Tinchlik madhiyasi"ni yaratgan (1971). 1957-yildan K. nomidagi xalqaro tanlovlar (Parij va Budapeshtda) oʻtkaziladi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil