Kasb-hunar leksikasi – (professionalizmlar) muayyan kasb yoki hunar egalari nutqiga xos soʻz va tushunchalar majmui. Boshqa tildan soʻz olish, shevaga xos soʻzlar, umumxalq tiliga xos maʼnosi oʻzgartirilgan soʻzlar Kasb-hunar leksikasining shakllanishi uchun asosiy manba hisoblanadi. Bir buyum, narsani turli kasb kishilari tomonidan xilma-xil (mas, „qozon“ – qandolatchilarda „potila“ va b.) nomlanishi ham K.-h. l.ni yuzaga keltirishi mumkin. Kasb-hunarning rivojlangan tarmogʻi (mas, paxtachilik, tibbiyot, texnika va boshqalar) leksikasi boy boʻlib, shu sohalarga oid alohida adabiyotlar ham nashr etilgan. Fan-texnikaga oid terminlarning, umuman, til lugʻat tarkibining boyishida va xalqning moddiy madaniyat tarixini oʻrganishda ular muhim manba hisoblanadi. Kasb-hunar leksikasi badiiy adabiyotda muayyan personaj xususiyati, tabiatini chuqurroq yoritishda badiiy tasvir vositasi boʻlib xizmat qiladi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil