Kaskad (fransuzcha: „cascade“) — 1) bir necha pogʻonaga urilib tushadigan tabiiy yoki sunʼiy shalola. Sunʼiy kaskad istirohat bogʻlarida har xil sathdagi suv havzalari va pogʻonama-pogʻona supachalar tarzida quriladi (yana q. Sharshara);

2) sirkda qiziqchilarning akrobatik tarzda birin-ketin "yiqilish" usullari;

3) operettada qoʻshiq joʻrligida ijro etiladigan joʻshqin raqs;

4) gidroelektr stansiyalari kaskadi — bitta daryo oqimi boʻyicha yoki bir suv havzasiga birin-ketin, bosqichma-bosqich quriladigan va suv xoʻjaligi maromi hammasi uchun umumiy hisoblanadigan gidroelektr stansiya (GES)lar majmui (qarang GES kaskadi);

5) elektr mashinalari kaskadi — bir-biri bilan mexanik va elektrik tarzda yoki faqat elektrik jihatdan bogʻlangan ikki yoki bundan koʻp elektr mashinalardan iborat qurilma. Oʻzgarmas quvvatli va oʻzgarmas momentli boʻlishi mumkin. Birinchisida qoʻshimcha mashinalardan biri asosiy mashina (dvigatel) oʻqiga mexanik tarzda biriktiriladi. Ikkinchisida mexanik biriktiruv boʻlmaydi, balki qoʻshimcha mashinalardan biri oʻrniga ikkita elektr mashina ulanadi. Kaskad elektr dvigatellarning aylanish chastotasini ravon va tejamli rostlab turishga imkon beradi;

6) transformatorlar kaskadi — ketma-ket ulangan ikki yoki undan koʻp elektr transformatorlar majmui. Yuqori kuchlanishli oʻzgaruvchan tokni oʻzgartirish yoki undan foydalanish uchun moʻljallanadi. Bunday kaskadda transformatorlarni pogʻonali uygʻotish usuli qoʻllanadi. Bunda har qaysi navbatdagi transformator oʻzidan oldingi transformatorning kuchaytiruvchi chulgʻamidan uygʻotiladi. Kuchlanishi 1,5-2 MB gacha boʻlgan kaskadda 4 tadan 8 tagacha transformator boʻlishi mumkin;

7) kuchaytirish kaskadi —tarkibida kuchaytirish elementi, nagruzka zanjiri, oldingi yoki ketingi kaskad bilan bogʻlanish zanjiri boʻlgan radiotexnika qurilmasi. Kuchaytirish elementi sifatida yarimoʻtkazgichli (tranzistor, tunnelli diod) va elektrvakuumli elektron asboblar (qabul qilishkuchaytirish lampalari, klistron) qoʻllanadi. Bunday kaskad kirishiga berilgan signal uning chiqishida (nagruzka zanjirida) kuchayib boradi. Kirish kuchlanishi (tok, quvvat)ning chiqish kuchlanishiga nisbatan kaskadning kuchlanish (tok, quvvat) boʻyicha kuchaytirish koeffitsiyenti deb ataladi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil