Kavardon
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Bu maqolaga boshqa birorta sahifadan
ishorat yoʻq. (avgust 2024) |
Kavardon — qad. shahar harobasi (mil.1 —13-asr boshi) Toshkent shahridan 25 km sharqda, Chirchiqning chap qirgʻogʻidagi qad. oʻzani sohilidagi (hoz. Qorasuv va Hamdam kanali yoqalari) hozirgi Kavardon qishlogʻi maydonida, Yuqori Chirchiq va Parkent tumanlari chegarasida joylashgan. Shaharning umumiy maydoni 75 ga teng boʻlib, shahriston va arkdan tashkil topgan. Shaharni bir necha darvozalari boʻlib, ular orqali yoʻnalgan keng koʻchalar markazga olib borgan. Arab tarixchilaridan Istaxriy, Muqaddasiy (IX—X-asrlar) asarlarida bu shahar "Kabrana", "Kabarna" deb tilga olingan. Yodgorlik harobalari ilk bor 1972-yilda Hamdam kanalini taʼmirlash ishlari vaqtida Y. F. Buryakov rahbarligidagi Choch-Iloq otryadi tomonidan aniqlangan. 1973-yildan tanaffuslar bilan arxeologik qazishma ishlari olib borilgan. 2001-yildan esa Oʻ. Islomov boshchiligidagi Parkent otryadi qazishma ishlarini davom ettirmoqda. Qazishmalar natijasida shahar arkining (hozirda uning harobalari Xontepa deb ataladi) shimolidagi pastki madaniy qatlamlardan Burganli madaniyatiga oid (mil. av. VIII—VII-asrlar) yertoʻla, oʻchoq harobalari, uy-roʻzgʻor idishlari (koʻza, tovoq, qozon kabi) parchalari topilgan. Keyingi qatlamlardan olingan maʼlumotlar bu yodgorlikka qandaydir sabablarga koʻra, uzoq muddatli tanaffusdan keyingi hayot milodiy I—II-asrlardan boshlanganligidan dalolat beradi. Shahar arki toʻgʻri toʻrtburchak (60x50x14 m) shaklda, madaniy qatlami 8 m ga yaqin, shimol va janub tomondan darvozalari boʻlgan. Qazishma natijasida paxsa va xom gʻishtdan qurilgan bir nechta xonali ibodatxona boʻlganligi aniqlandi. Ibodatxonaning bir katta zali markazida otashgoh qoldiqlari topildi. III—IV-asrlarga oid bu ibodatxona harobaga uchragach, uning oʻrnida keyingi asrlarda yangi ibodatxona qurilgan va u ham kuchli yongʻin natijasida vayron boʻlgach, uning oʻrnida 8 ta toʻgʻri toʻrtburchak xonalardan iborat boʻlgan novus qurilgan. 5—6-asrlarda shahar mavqei pasaygan. Shahar maydonida bu davrlarda turli koʻrinishlardagi novuslar (otashparastlarning qad. maqbaralari), kenotaflar paydo boʻlgan. Ular ichida, ark harobalarida koʻp xonali novus oʻziga xosdir. Uni boʻyi 19 metr, eni 17,5 metr boʻlib, tashqi devorlarining qalinligi 3 metr, ichki devorlari 1,5 metrdan boʻlgan. Barcha qurilgan bu xilxonalar paxsa, xom gʻishtdan ishlangan boʻlib, gʻishtlar ustiga turli belgilar barmoq yordamida chizilgan. VII—VIII-asr boshlarida shahar Choch viloyatidagi yirik shaharlar qatoridan joy olgan, tanga pullar zarb qilina boshlagan, shunday noyob mis tangalarning birini (aylanasi 20 mm, ogʻirligi 1,6 g) oldi tomonida toj kiygan hokim, uni aylanasi boʻylab 15 harfdan iborat boʻlgan "Kavirad Kabarna hokimi" degan jumla sugʻd yozuvida bitilgan. K.da kulolchilik sohasida yuqori yutuqlarga erishilganligidan va bu maqsulotga boʻlgan talabni ichki va tashqi savdoda oʻsib borganligidan dalolat beradi. K. XIII-asr boshida moʻgʻullar tomonidan vayron qilingan.
Oʻtkir Alimov, Kobil Alimov.[1]
Manbalar
tahrir
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |