Kitob bosish – boʻyoqni bosma formadan qogʻozga oʻtkazib, kitob, jurnal, gazeta va boshqa bosma mahsulotlari tayyorlanadigan ishlab chiqarish jarayonlari. „Kitob bosish“ iborasi bosma kitob tayyorlash tarixi qaqida fikr yuritilganda ishlatiladi, zamonaviy Kitob bosishda esa poligrafiya termini ancha keng tarqalgan. Kitob bosishning oʻtmishdoshi ksilografik bosma boʻlib, unda bosiladigan butun bir bet yozuv taxtaga oʻyib qoʻyilardi. 11-asrdan boshlab Xitoyda kitobni qoʻlda koʻchirishdan bosish usuliga oʻtilgan. Biroq, bu usul keng rivojlanmadi. Faqat taxminan 400 yil oʻtgandan soʻng Yevropada harf terish shrifti ixtiro qilindi. Oʻsha davrda bir vaqtning oʻzida bir necha mamlakatlar – Germaniya, Niderlandiya, Italiya, Fransiyada bir-biridan mustasno bir necha ustalar bitta muammo – bosma mashina yaratish ustida ish olib borishgan. Hozirgi vaqtda tarixchilar bu muammoni birinchi marta germaniyalik Iogann Gutenberg (1399— 1468) hal qilganligini aytishadi. Metall shriftlarni matritsalarga quyish qurilmasi ixtiro qilingandan soʻng Yevropaning koʻpgina shaharlarida kitob bosib chiqarila boshlandi. 1464-yilda Rimda birinchi Kitob bosish stanogi oʻrnatildi. 1470-yillarga kelib Fransiya, Niderlandiya, Shveysariya, Ispaniya va Angliyada kitoblar bosib chiqarila boshlandi, Venetsiya, Nyurnberg Kitob bosish ishlari boʻyicha yirik markazga aylandi. 1500-yillarga kelib Yevropaning 250 shahrida bosmaxona boʻlgan. Bosmaxona ishlarining rivojlanishi tufayli kitob umumiy siyosiy hayotda va madaniyatning rivojlanishida muhim rol oʻynadi. 1600-yillarda birinchi gazeta, 1650-yillarda birinchi varaqa bosilib chikdi. Kitob bosishning keyingi rivojlanishiga litogʻrafiya (toshbosma) (1798) va tekis bosma mashinasi (1811) ning ixtiro qilinishi sabab boʻldi. 19-asr oʻrtalari – 20-asr boshlarida Kitob bosish korxonalarida linotip, keyinroq rotatsion, ofset bosma mashinalar ishlatila boshlandi.

Oʻzbekistonda bosma usul i bilan Kitob bosish 19-asr 2-yarmidan keng tarqaldi. Turkiston harbiy okrugi shtabida (1868), Xivada (1874) bosmaxonalar tashkil etilgandan soʻng Turkistonda birinchi bosma kitoblar chop etila boshlandi. 1870-yilda „Turkestanskiye vedomosti“ va „Turkiston viloyatining gazetasi“, 19-asr soʻnggi yillarida „Srednyaya Aziya“, „Sredneaziatskiy vestnik“ jur.lari, 1906-yilda „Taraqqiy“ gazeta, 1913-yillarda „Oyina“ jur., 1914-yillarda „Sadoi Turkiston“, „Sadoi Fargona“ gazetalari chop etildi. Boʻlardan tashqari, „Na-jot“, „Turk eli“, „Turon“, „Ulug Turkiston“, „Hurriyat“ gazetalari, „Yurt“, „Chayon“ jur.lari chika boshlagan. Bosmaxonalarda gazeta va jurnallardan tashqari koʻpgina kitoblar rus va oʻzbek tillarida bosilib chiqa boshladi (yana qarang Bosmaxona, Poligrafiya sanoati).[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil