Kolonial organizmlar, koloniya boʻlib yashovchi organizmlar — jinssiz (vegetativ) koʻpayishida ona organizmidan ajralib ketmasdan keyingi avlodlari bilan birga qoʻshilib, murakkab koloniya hosil qiladigan organizmlar. Kolonial oʻsimliklarga har xil bir hujayrali suvoʻtlar (koʻk-yashil, yashil, tillarang, sariq-yashil, diatom, pirofit va evglenasimonlar) kiradi. Kolonial organizmlar, koloniya hosil qilish usuliga binoan, zoosporali va avtosporali boʻladi. Kolonial hayvonlarga, asosan, dengiz hayvonlari (umurtqasiz va tuban xordalilar), bir hujayralilar (baʼzi xivchinlilar, radiolyariyalar, infoʻzoriyalar); umurtqasizlardan koʻpchilik gʻovak tanlilar, boʻshliqichlilar kiradi. Kolonial hayvonlarning bir qismi (mshankalar, gidroidlar, qorall poliplar va boshqalar) suvda oʻtroq hayot kechiradi. Kolonial organizmlar bir hujayrali organizmlardan koʻp hujayrali organizmlarning paydo boʻlishida oraliq zveno boʻladi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil