Kolovratkalar, boshaylangichlilar (Rotatoria) — toʻgarak chuvalchanglar tipiga mansub umurtqasiz hayvonlar sinfi. Boʻyi 0,04—2,5 mm, 2000 tacha turi bor. Tanasi kutikala bilan qoplangan, 3 boʻlimdan iborat: bosh, tana va oyoq (baʼzi kolovratkalarda hamma boʻlimlar qoʻshilib ketgan). Bosh tomonida doira boʻlib 2 qator joylashgan kipriklari ogʻiz aylangich apparatni hosil qiladi. Kipriklarining maʼlum tomonga qarab bir meʼyorda tebranishi tufayli suzib yuradi va mayda organizmlarni ogʻziga tortib oladi. Nerv sistemasi halqum usti gangliysi va undan chiqadigan nervlardan, sezgi organlari esa koʻz (koʻpincha bitta) va paypaslagichlardan iborat. Ayirish organi juft protonefridiy tipida. Qon aylanish va nafas olish sistemasi yoʻq. Erkaklari urgʻochilaridan ancha kichik. Kolovratka chuchuk va shoʻrtob suvlarda, baʼzan dengiz va tuproqda yashaydi. Planktonxoʻr yosh baliqlar uchun oziq boʻladi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil