Komil Xorazmiy

Oʻzbek shoiri, xattot, musiqashunos, tarixchi, tarjimon va davlat arbobi

Komil Xorazmiy (taxallusi; asl ismi: Pahlavon Muhammadniyoz Abdulla Oxund oʻgʻli; 1825-yil – Xiva – 1899-yil) – oʻzbek shoiri, xattot, musiqashunos, tarixchi,tarjimon va davlat arbobi.

Komil Xorazmiy
Tavalludi
Pahlavon Muhammadniyoz Abdulla Oxund oʻgʻli

1825
Vafoti 1899
Xiva
Kasbi Shoir, xattot, musiqashunos, tarjimon, davlat arbobi

Hayoti

tahrir

Komil Xorazmiy 1825-yil Xiva shahrida tavallud topgan. Otasi Abdulla Oxund madrasada mudarris boʻlgan. 1932-yilda maktabda oʻqiydi. 1844–1845-yillarda madrasada tahsil oladi. Shu yillar ichida otasi vafot etadi[1].

Jahon madaniyatining Xorazmdagi ilk targʻibotchilaridan biri. Xiva madrasasida oʻqigan. Arab va fors tillarini mukammal bilgan. Sharq adabiyoti namoyandalari ijodini, mumtoz musiqani, xattotlik sirlarini qunt bilan oʻrgangan. 25—30 yoshlarida shoir sifatida tanilgan. Ogahiy uning nomini oʻzining „Gulshani davlat“ kitobiga kiritgan. Xiva xoni Sayd Muhammadxon saroyida kotiblik qilgan. Muhammad Rahim II uni mirzaboshilik vazifasiga koʻtargan. Rossiya bilan Xiva xonligi oʻrtasida imzolangan sulh shartnomasi (Gandimiyon shartnomasi) Komil Xorazmiy qoʻli bilan yozilgan (1873). Soʻngra saroyda devonbegi (1873—80), mirzaboshi lavozimlarida ishlagan (1880-yildan).

U Muhammad Rahimxon soniy (Feruz) zamonasida mirzaboshi, devonbegi lavozimlarida ishlagan.

Komil Xorazmiy Sharq mumtoz musiqasi, xususan, maqomchilik anʼanalarini rivojlantirishga homiylik qilgan, oʻzbek kuylarini yozib olish uchun „Tanbur chizigʻi“ deb ataluvchi nota tizimini joriy etgan. Bu oʻziga xos notada „Rost“ maqomining bosh qismini yozgan. Oʻgʻli Mirzo Muhammadrasul otasi boshlagan ishni davom ettirib, Xorazm „Shashmaqom“ining qolgan ashula va cholgʻu yoʻllarini toʻla notaga olgan. „Rost“ maqomiga bogʻlangan „Murabbai Komil“ va „Peshravi Feroʻz“ kuylarining notasi bizgacha yetib kelgan. Komil Xorazmiy Moskva va Peterburg sh.lariga 2 marta safar qilgan (1873, 1883). 1891, 1896— 97 yillarda esa Toshkentga kelib, bu yerdagi madaniy yangiliklar haqidagi „Dar bayoni taʼrif va tavsif Toshkand“ („Toshkent taʼrifi va tavsifi bayonida“) qasidasini bitgan. Bu qasida oʻzbek adabiyotida ijtimoiy taraqqiyotni aks ettirgan dastlabki yirik sheʼriy asarlardan boʻlib, unda yangi, zamonaviy madaniyat ulugʻlanadi.

Komil Xorazmiy Sharq mumtoz shoirlari anʼanalari ruhida lirik sheʼrlar yozgan, devon tuzgan. Bu devonda 8000 misradan ortiq sheʼr boʻlib, ular gʻazal, murabba, muhammas, musaddas, masnaviy, ruboiy, qasida, muammo kabi janrlarda yozilgan. Ularda chin insoniy fazilatlar ulugʻlangan, jaholat qoralangan, ishqmuhabbat tarannum etilgan. Komil Xorazmiyning deyarli barcha janrdagi asarlarida ijtimoiy tanqidga keng oʻrin berilgan, ayrim misralari aforizm darajasiga koʻtarilgan („Falak zulmi bir yonu, bir yon alar…“ va boshqalar). Shayx Sulaymon Buxoriy oʻzining mashhur „Lugʻoti chigʻatoyi va turki usmoniy“ („Chigʻatoycha va usmoniy turkcha lugʻat“) asarida Komil Xorazmiyning ijodidan oʻrinli foydalangan va Xorazm shevasidagi koʻpchilik soʻzlarning maʼnosini uning sheʼrlari orqali izohlab bergan. Komil Xorazmiy 1865-yilda Barxurdor bin Mahmud turkman Farohiynmng (adabiy taxallusi Mumtoz) „Mahbub ul-qulub“ (bu asar ayrim manbalarda „Mahfiloro“ – „Majlisga ziynat beruvchi“ deb ham yuritiladi) hamda 1869—70 yillarda Faxriddin Ali Sayfiyning „Latoyif at-tavoyif“ („Turli toifalarning latifalari“) asarlarini fors tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Alisher Navoiy „Hamsa“sining birinchi Xorazm toshbosma nashriga soʻzboshi yozgan. Komil Xorazmiy devoni qoʻlyozmalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida saqlanadi (inv. № 1849, 1025). M.Yunusov, F.Karimov, A.Hayitmetov va boshqa olimlar Komil Xorazmiy ijodini tadqiq etganlar.[2]

Komil – lirik shoir. Uning lirikasida insoniy muhabbat va fazilatlar ulugʻlanadi. Hajviy sheʼrlarida fuzalo va juhalo qiyoslanadi. „Komil“, „Ikki shoʻx“ va „Qasidai Navroʻz“ kabi maʼrifatparvarlik asarlari muallifi.

Komil – bastakor va musiqashunos sifatida „Murabbai Komil“, „Peshravi Feruz“ va „Tanbur chizigʻi (notasi)“ kabi asarlarni yaratgan.

Tarjimonlik sohasida esa Barxurdor Turkman Mumtozning „Mahfiloro“, Safiyning „Latoyif ut-tavoyif“, Mirxondning „Ravzat us-safo“ singari yirik asarlarini tarjima qilgan.

Adabiyotlar

tahrir
  • Devon. T., 1975.
  • Komil Xorazmiy, Tanlangan asarlar. Toshkent, Oʻzadabiynashr, 1961.
  • Komil. Devon. Toshkent, 1975.
  • Asrlar nidosi. Toshkent, 1982, 393—408 betlar.

Ilmiy adabiyot

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. Hamidjon Xomidiy; Mahmud Hasaniy. Mashriqzamin hikmat boʻstoni. Toshkent: „Sharq“ nashriyotmatbaa konserni, 1997-yil — 251-bet. 
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar

tahrir