Konʼyugatsiya (lot. conjugatio — qoʻshilish) — 1) konʼyugat suvoʻtlarda — oʻziga xos jinsiy jarayon, bunda tashqi tomondan bir-biriga oʻxshash ikkita vegetativ hujayra suyuqligi qoʻshiladi; 2) infoʻzoriyalarda — jinsiy yadrolarning almashinishi va ularning juft boʻlib qoʻshilishi; bunda infuzoriyalar ogʻiz teshigi joylashgan tomoni bilan juft boʻlib yaqinlashadi. Qoʻshilganda makronukleus (vegetativ yadro) asta-sekin parchalanadi, mikronukleus (jinsiy yadro) esa meyoz yoʻli bilan 2 karra boʻlinadi, shundan keyin uchta yadro parchalanadi, bittasi esa yana boʻlinadi va uning har bir boʻlagi boshqasining yarim boʻlagi bilan almashinadi, yaʼni qoʻshilish roʻy beradi va xromosomalarning qoʻsh toʻplami qayta tiklanadi. Soʻngra makronukleus mikronukleus ning boʻlinishi yoʻli bilan qayta tiklanadi. Baʼzan K.da bir hujayradan ikkinchisiga sitoplazmaning ozgina qismi va shu bilan birga sitoplazmaning irsiy xususiyatlari ham oʻtadi; 3) bakteriyalarda — bir bakteriya hujayrasidagi genetik materialni ikkinchi bakteriya hujayrasiga olib oʻtkazish usuli. Bunda ikkita bakteriya ingichka koʻprikcha bilan bogʻlanadi va shu koʻprikcha orqali bir hujayradan (donor) boshqasiga (retsipiyent) dezoksiribonuklein kislota (DNK) ipining bir boʻlagi oʻtadi. Retsipiyentning irsiy xususiyatlari DNK boʻlagida oʻzatilgan genetik informatsiya miqdoriga qarab oʻzgaradi; 4) xromosomalar konʼyugatsiyasi — gomologik xromosomalarning juft-juft boʻlib yaqinlashuvi, bunda ularning gomologik qismlari almashinishi mumkin, natijada turli xil anomaliyalar yuz beradi (tugunchalar hosil boʻlishi va hokazo). Jinsiy jarayonda xromosomalar oʻzaro qoʻshilib ketmaydi; ularda K. faqat meyozning boshida roʻy beradi; soʻngra har xil hujayralarga tarqalib ketadi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil