Konsentrat ozuqalar

(Konsentratlardan yoʻnaltirildi)

Konsentrat ozuqalar, konsentratlar — tarkibidaozuqa moddalar miqdori yuqori boʻlgan yemlar Ozuqa moddalari tarkibiga koʻra K.o uglevodli (kraxmal va qandga boy boʻlgan suli, arpa, makkajoʻxori doni tegirmon kombinatlari chiqindilari, uzum, qand lavlagi turpi, barda va boshqalar) va proteinli (dukkaqli don ekinlari doni, kunjara, shrot, goʻsht, goʻsht-suyak, qon va baliq unlari) guruhlarga boʻlinadi. 1 kg uglevodli Konsentrat ozuqalarda 0,7— 1,3 ozuqa birligi va 70—80 g hazm boʻluvchi protein, proteinli Konsentrat ozuqalarda 0,7—1,2 ozuqa borligi va 180—350 g hazm boʻluvchi protein bor.

Konsentrat ozuqalardagi energiya konsentratsiyasi hayvonning talabidan yuqoridir. Shuning uchun oʻsimlik mahsulotlari bilan oziqlanadigan hayvonlarni tanho konsentrat ozuqa bilan boqib boʻlmaydi. Hayvonlarning kundalik ratsionida dagʻal, shirali ozuqalar va yoz faslida esa koʻk oʻtlar boʻlganda ratsionning energetik va proteinli toʻyimligini oshirish maqsadida konsentrat ozuqalardan foydalaniladi. Hayvonlarga Konsentrat ozuqalar yedirish miqdori ularning mahsuldorligiga bogʻliq boʻlib, 10–15 kg sut beradigan sogʻin sigirlarga 1 kunda 2,5–3 kg, boʻrdoqidagi qoramol uchun kunlik semirish 800—1000 g moʻljallangan boʻlsa, ratsion toʻyimligining 40—50% ini konsentrat ozuqa tashqil qilishi mumkin. Qochirish mavsumida nasldor koʻchqorlarni boqishda va 1 yoshdan oshgan qoʻylarni boʻrdoqiga boqishda har kuni 1 bosh qoʻyga 800—1000 g atrofida Konsentrat ozuqalar beriladi. Choʻchqa, parrandalar, moʻynali hayvonlar ratsioni asosan Konsentrat ozuqalardan ibrat.

Roʻzimat Hamroqulov, Talʼat Akmalxonov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil