Konservatsiya (lot. conservatio — saqlash) — 1) tarixiy va madaniy yodgorliklar (meʼmoriy inshootlar, arxeologik topilmalar, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari, kitob, qoʻlyozma va boshqalar)ni dastlabki yoki K.ga tushgan vaqtdagi qiyofasi, chidamliligini uzoq muddatga saqlashni taʼminlovchi chora-tadbirlar yigʻindisi. Restavratsiya bilan uzviy bogʻliq. Muzey, kutubxona, arxivlarni isitish, shamollatish, barcha saqlanayotgan narsalar uchun moʻʼtadil harorat, namlik, havo tarkibi sharo-itlarini yaratish orqali erishiladi. Maxsus tartibdagi saqlashda havoni tozalovchi filtrli vitrinadan foydalaniladi; buyumlar, sanʼat asarlari maxsus jild va javonlarda saqlanadi. Yogʻoch, mato, teri buyumlariga kimyoviy moddalar bilan ishlov beriladi, xom sopol, yogʻoch buyumlar boʻzilmasligi uchun maxsus sintetik yelimlar bilan ishlanadi; hujjatlar, bosma matnlar shaffof qobigʻ bilan, metall, shisha, suyak buyumlar rangsiz lok bilan qoplanadi. Meʼmoriy obidalarning asosi, devori, gumbazlari mustahkamlanadi, himoya qurilmalari barpo etiladi;2) biron-bir qurilish yoki korxona ishining muayyan sabaoga koʻra uzoq muddatga toʻxtatib qoʻyilishi; 3) dvigatellar, mashinalar va boshqa texnika vositalari uzoq muddat ishlatilmay turganda ularni korroziyadan saqlash uchun koʻriladigan tadbirlar (mas, moylash, nam oʻtkazmaydigan narsa bilan oʻrash va boshqalar); 4) yogʻoch materiallarni chirishdan asrash, hasharotlar va dengizda yashovchi yogʻoch kemiruvchilaridan saqlash uchun ularga maxsus modda bilan ishlov berish. Yogʻochni K. lashning eng samarali va oson usuli unga kimyoviy moddalar shimdirish va maxsus pastalar surkashdir.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil