Konveyer (ing. conveyer — tashuvchi) — toʻkma, donali, boʻlak-boʻlak yuk yoki buyumlarni, asosan, qisqa, baʼzan uzoq, masofaga uzluksiz va bir xil maromda tashiydigan mexanizm. Vazifasiga koʻra, transport (yuk tashiydigan) va texnologik (texnologik operatsiyalarni oʻzaro bogʻlaydigan) xillarga boʻlinadi. Tortish organi boʻlgan va tortish organi boʻlmagan turlari bor. Elektrik yuritma bilan harakatlanadigan mexanik konveyer keng tarqalgan. Bunday Konveyerlarning tortish organlari lenta, zanjir va kanatdan iborat boʻlib, ular yordamida buyum yoki yuklar tashiladi. Yuk tashish organlarining turiga koʻra, dasturli boshqariladigan lentali, koʻraqli, plastinkali, osma, shuningdek, kovshli, aravachali va boshqa turlarga; tortish organi boʻlmagan vintli (shnekli), inersion (chayqaluvchi, tebranma), rolikli (rolgang), odimlovchi (quymachilik, yigʻuvchi) va boshqa turlarga boʻlinadi. Lentali konveyer bilan, asosan, donali yuklar tashiladi. Zanjirga biriktiriladigan moslamaning tuzilishiga qarab, zanjirli konveyerlar plastinkali, koʻrakchali va aravachali boʻladi. Plastinkali konveyerlar, asosan, boʻlak-boʻlak materiallarga moʻljallangan boʻlib, yukni qiya yunalishda tashishga imkon beradi, mayda koʻmir va rudalarni surish uchun ishlatiladi. Kovshli va aravachali konveyerlar ayrim korxonalarda (metallurgiya va kimyo kombinatlarida), asosan, toʻkma yuklarni tashish uchun ishlatiladi. Bugʻdoy, un, sement, shagʻal, qum, mayda koʻmir qabilarni yaqin masofaga tashish uchun vintli Konveyerlar qoʻllanadi. Toʻp qilib yigʻilgan yoki yashiklarga joylangan yuklarni pastga tushirish uchun rolikli (gravitatsion) konveyerdan foydalaniladi. Bunday konveyerlarda yuk oʻz ogʻirligi bilan pastga toʻshadi. Inersion Konveyer toʻkma kjni gorizontal va qiya yoʻnalishda qisqa masofaga tashish uchun moʻljallanadi. Bunday Konveyerda yuk inersiya kuchi hisobiga harakatlanadi. Boʻlardan tashqari, yuklar suyuqliklar bilan birga nasoslar yordamida quvur yoki novlarda harakatlanadigan gidravlik, yuklar yoki buyumlar ventilyatorlar yordamida hosil qilinadigan bosimlar farqi hisobiga quvurlarda harakatlanadigan pnevmatik konveyerlar bor. Maxsus ishlarga moʻljallangan konveyerlar elevator va eskalator deb ataladi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil