Kooperativ mulk - jamoa mul kining bir shakli, ixtiyoriy ravishda kooperativ korxonaga birlashgan kishilarning umumiy mulki. Kooperativ mulk kooperativ aʼzolarining badallari, ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar, uni sotishdan tushgan daromad va korxona nizomida belgilangan boshqa faoliyatlar hisobiga shakllanadi. Kooperativ mulk egalari korxona faoliyatida oʻz mehnati bilan ishtirok etadilar. Kooperativ mulkning yana bir muhim xususiyati — jamoa aʼzolari ixtiyoriy tartibda oʻz mulk ulushi bilan korxonadan chiqishi, yaʼni bu mulk taqsimlanishi mumkin.

Kooperativ mulkning asosiy xususiyati ishlab chiqarish vositalari va mehnat natijalariga egalik qilishning jamoa, guruhiy shaklidir. Bunda ishlab chiqaruvchilar (kooperativ aʼzolari) bilan ishlab chiqarish vositalari (Kooperativ mulk)ning qoʻshilishi jamoa korxonasi boʻlgan kooperativ korxona doirasida amalga oshadi.

Kooperativ mulk boshqa mulk turlari, jumladan, davlat mulkiga nisbatan bir qancha ustunlikka ega (meqnatni ragʻbatlantirishning pirovard ish natijalariga bogʻliqligi, oʻz-oʻzini moliyalashtirish va taʼminlash, boshqaruvning demokratik shakllari va boshqalar).

Kooperativ korxona oʻz faoliyatini toʻxtatganda yoki turli sabablarga koʻra bekor kilinganda Kooperativ mulk byudjet, bank va boshqa kreditorlar bilan hisob-kitob qilinib boʻlingandan soʻng kooperativ aʼzolari oʻrtasida nizomga asosan taqsimlanadi.

Hozirgi davrda jahonda Kooperativ mulk asosida tashkil topgan 120 dan ortiq turdagi korxonalar soni 1 mln. atrofida boʻlib, ularda 600 mln. ga yaqin kishi mehnat qiladi. Bunday korxonalar Yaponiya agrar sohasi mahsulotining 90%, Niderlandiyada 65%, Germaniya, Fransiya, Ispaniyada 50—52%, AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya va Belgiyada 30% ini yetkazib beradi. Oʻzbekistonda Kooperativ mulk asosida tuzilgan korxonalar, asosan, qishloq xoʻjaligi va uy-joy qurilishi sohasida rivoj topgan.

Qahramon Haqberdiyev.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil