Kreatsionizm (lotincha: kreatio - yaratish) — turlarning oʻzgarmasligi, organizmlarning muayyan maqsadda xilma-xil qilib yaratilganligi toʻgʻrisidagi gʻayriilmiy[1] taʼlimot. Kreatsionizm tarafdorlari fikricha, turlarning tashqi yoki ichki omillar taʼsirida oʻzgarishi cheklangan; ular yaratuvchi tomonidan qancha yaratilgan boʻlsa, shuncha saqlanib qolgan. Kreatsionizm taʼlimotini paleontologiya asoschisi Georges Cuvier, oʻsimlik va hayvonlar sistematikasini ishlab chiqqan olim Karl Linney kabi olimlar ham quvvatlashgan. Kreatsionizm tarafdorlari qadimgi geologik davrdagi va hozirgi turlar oʻrtasidagi farqni tushuntirish uchun halokatlar gʻoyasini ilgari surgan. Bu taʼlimot asoschisi Cuvier fikricha, Yer yuzidagi oʻsimlik va hayvonlar bir necha marta qirilib ketib, qaytadan vujudga kelgan va har gal avvalgisiga nisbatan murakkabroq formalar paydo boʻlgan. Charles Darwin evolutsion taʼlimoti yaratilgandan soʻng kreatsionizm oʻz mavqeini yoʻqotdi. Darwindan keyingi davrda evolutsiya kechishini isbotlovchi dalillar topilganidan soʻng ayrim kreatsionizm tarafdorlari oʻz dunyoqarashini oʻzgartirishga majbur boʻlishdi va teistik evolutsiya degan taʼlimot yaratishdi. Teistik evolutsiya tarafdorlari turlarning oʻzgarishi va odamning paydo boʻlishi toʻgʻrisidagi evolutsion vazariyani inkor qilishmaydi, lekin insonga aql-idrok va ruhiy faoliyatni yaratganning oʻzi bergan deb tushuntirishadi[2]. „Ilmiy kreatsionizm“ tarafdorlari (asosan, AQShda) evolutsion taʼlimotni organik dunyoning mavjudligi toʻgʻrisidagi ashyoviy dalillarga ega boʻlmagan tushunchalardan biri sifatida diniy dunyoqarashlar bilan bir qatorga qoʻyishga harakat qilishmoqda[3].

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. „Statements from Scientific and Scholarly Organizations“. National Center for Science Education. 2021-yil 11-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 28-avgust.
  2. Greg Neyman. „Theistic Evolution“. Answers in Creation (2011). 2012-yil 24-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 24-aprel 2012-yil. (Wayback Machine saytida 2012-02-24 sanasida arxivlangan)
  3. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil