Kufr
Kufr (arab. — kofirlik, inkor etish, rad etish) — Allohning borligini va Muhammad (s.a.v.) keltirgan gʻaybiy xabarlarni rad etish. Bundan tashqari, sunniylikka koʻra, Allohni inkor etmasada, imon keltirish zarur boʻlgan boshqa xabarlarni rad qilish yoki „Ahl as-sunva val-jamoa“ eʼtiqodidan chiqish ham kofirlik hisoblanadi.[1]
Kufr soʻzining lugʻaviy maʼnosi arab tilida „bir narsani berkitish va toʻsish“. Shar’iy maʼnosi ikki xil boʻladi.
Birinchisi — iymonning ziddi. Misol uchun, Allohga iymon keltirdi va but-sanamlarga kufr keltirdi.
Ikkinchisi — shukrning ziddi. Misol uchun, „Falonchi kufroni neʼmat qildi“. Yaʼni oʻziga berilgan neʼmatga shukr keltirmadi.
Iymonning ziddi boʻlgan kufr jahannamga olib boruvchi gunohdir. Shukrning ziddi boʻlgan kufrni Ibn Hajar al-Asqaloniy katta gunohlardan sanagan.
Iymonning ziddi boʻlgan kufrga mubtalo boʻlganlar bu dunyoda ahli kitoblar, soxta dinga ergashuvchilar, dinsizlar, murtadlar va boshqalar boʻlishi mumkin.
Iymonning ziddi boʻlgan kufr asosiy hisoblanadi va uning taʼriflaridan biri quyidagicha:
„Kufr Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan narsani yoki Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan narsadan dinda bilish zarur boʻlganlarining baʼzisini qasddan inkor qilishdir. Mana shu Ahl as-Sunna val-Jamoa bardavom boʻlgan haqdir. Undan boshqasi botildir“.
Kufrning yomonligini haqida Qur’oni Karimda 311dan koʻp oyatda zikr qilingan.[2]
Kufrning turlari
tahrirKufr toʻrt xil boʻladi:
- Inkor kufri.
Bu xildagi kufr egasi ham qalbi, ham tili bilan kufr keltirgan boʻladi va tavhiddan hech narsani bilmaydi. - Juhud (bilib turib inkor qilish) kufri.
Bu xildagi kufrda qalbi ila idrok qilsa ham, tili bilan iqror boʻlib tan olmaydi. Bunday kufrning misoli shayton va Umayya ibn Soltga oʻxshaganlarning kufridir. - Sarkashlik kufri.
Bu xildagi kufrda qalbi ila idrok qiladi, tili bilan iqror boʻladi va qabul qilishdan bosh tortadi. Bunday kufrga Rasuli Akram alayhissalomning amakilari Abu Tolibning kufri misol boʻladi. U boshqalarning malomatidan qoʻrqib, musulmonlikni qabul qilmagan. - Nifoq kufri.
Bu kufr egasining dilida iymoni yoʻq boʻlsa-da, tilida iymonni daʼvo qiladi.[3]
Kufrning zararlari
tahrir- Kufr sohibi doʻzaxda abadiy qoladi.
- Kufr bu dunyoda xorlik, oxiratda zorlik keltiradi.
- Kufr egasini halokatga yetaklaydi.
- Kufrdan keyin gunoh qolmaydi.[4]
Manbalar
tahrir- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ruhiy tarbiya. Poklanish. 1-juz. 302-303 betlar.
- ↑ Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ruhiy tarbiya. Poklanish. 1-juz. 304-305 betlar.
- ↑ Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ruhiy tarbiya. Poklanish. 1-juz. 306-bet.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |