Konfutsiy

Xitoy faylasufi
(Kun Syudan yoʻnaltirildi)

Konfutsiy (xitoycha 孔子, Mil. av. 551479-yil) — Xitoy faylasufi, konfutsiychilik asoschisi va siyosiy arbob boʻlgan. Uning saboqlari va faylasufligi Xitoy, Koreya, Yaponiya va Vetnam xalqlarining oʻy-fikri va hayotiga chuqur taʼsir koʻrsatgan.

Konfutsiy
Tavalludi mil. avv. 551
Vafoti mil. avv. 479[1]
Fuqaroligi Lu
Otasi Shu-liang He
Onasi Yan Zhengzai

Tarjimai holi

tahrir

Konfutsiy miloddan avvalgi 551-yil 28-sentyabrda kambagʻallashib qolgan zodagon va harbiylar oilasida tavallud topgan[2][3][4]. Konfutsiy zodagon Kun oilasining avlodidan edi. Uning nasl-nasabi Chjou sulolasi imperatori Chen-vanning sodiq izdoshi Vey-Tszuga borib taqaladi, unga sodiqligi va jasorati uchun Chjou Xou unvoni va Song merosi (shohligi) berilgan. Biroq avlodlar oʻtishi bilan Konfutsiylar oilasi oʻzining avvalgi taʼsirini yoʻqotib, qashshoqlashdi. Uning ajdodlaridan biri Mu Jingfu ismli bir ona oʻz knyazligidan begona yurtga qochib, Lu qirolligida yashab qolishga majbur boʻldi[5]. Kichkina oila qashshoqlikda yashagani uchun Konfutsiy bolaligidanoq qattiq mehnat qildi. Biroq, uning onasi Yan Zhengzai ajdodlariga ibodat qilib (bu Xitoyda hamma joyda mavjud boʻlgan ajdodlar urf-odatlarga ega boʻlgan diniy tizimining zaruriy qismi edi) oʻgʻliga otasi va ajdodlarining buyuk ishlari haqida gapirib berardi. Shunday qilib, Konfutsiy oʻz ajdodiga munosib avlod boʻlishi zarurligini yanada chuqurroq anglab yetdi, shuning uchun u oʻzini oʻzi tarbiyalashga, birinchi navbatda, oʻsha davrda Xitoydagi har bir aristokratga zarur boʻlgan sanʼatni oʻrganishga kirishdi. Kuchli mashgʻulotlar oʻz samarasini berdi va Konfutsiy dastlab Lu qirolligining Ji urugʻiga (Sharqiy Xitoy, zamonaviy Shandun viloyati) ombor mudiri (don qabul qilish va berish uchun mas’ul mansabdor shaxs), soʻngra chorvachilikka mas’ul amaldor etib tayinlandi[6].

22 yoshida taʼlim berish bilan shugʻullanib, Xitoyning eng mashhur oʻqituvchisi sifatida shuhrat qozondi. Konfutsiy oʻzi ochgan maktabida 4 ta fan: axloq, til, siyosat va adabiyot oʻqitilgan. Konfutsiy 50 yoshida siyosiy faoliyatini boshlab, Lu davlatida yuqori amaldori boʻlib xizmat qiladi. Fitnalar natijasida xizmat faoliyatidan ketadi, 13 yil mobaynida Xitoyning turli oʻlkalariga boradi, biroq u joylarda oʻz gʻoyalarini qoʻllay olmagach, miloddan avvalgi 484-yilda Luga qaytib keladi. Taʼlim berishdan tashqari qadimiy Xitoyning 5 ta mumtoz asari — „Shudzin“, „Shidzin“, „Idzin“, „Yuedzin“ va „Lidzi“larni toʻplash, tahrir qilish, tarqatish bilan shugʻullanadi. Konfutsiy taʼlimoti uning „Lun yuy“ („Suhbatlar va mulohazalar“) kitobida bayon etilgan. Bu kitob aslida Konfutsiyning fikrlari, suhbatlari asosida shogirdlari va izdoshlari tomonidan yaratilgan. Konfutsiy oʻzi, avlodlari va yaqin shogirdlari uchun alohida ajratilgan qabristonga dafn etilgan. Uning uyi Konfutsiy ibodatxonasiga aylantirilgan, bu joy ziyoratgoh boʻlib qolgan[7].

Xitoydagi ilm-fan taraqqiyotida Konfutsiy va uning maktabi alohida ahamiyatga ega. Uning Xitoy falsafasi tarixida tutgan oʻrnini Suqrotning yunon falsafasi tarixidagi oʻrnigagina qiyoslash mumkin. Uning butun dunyoda mashhur boʻlgan nomi „kun“ va „futszi“ soʻzlari asosida yasalgan „Kun“ hozirgi vaqtda familiyani anglatuvchi soʻz boʻlsa, „fu“ faylasuf, „szi“ oʻqituvchi maʼnolarini ifodalovchi soʻzlardir. Yaʼni Konfutsiy „falsafa oʻqituvchisi“ degan soʻzlarning familiya maqomini olgan shaklidir. Konfutsiy yashagan davrdan „Toʻrt asos“ va „Besh asos“ degan ulkan yozma yodgorliklar saqlanib qolgan. „Besh asos“ Konfutsiyga qadar yaratilgan „Qoʻshiqlar kitobi“, „Taomillar kitobi“ („Marosimlar kitobi“), „Rivoyatlar kitobi“ va „Folbinlik kitobi“ („oʻzgarishlar kitobi“) singari qismlardan iborat boʻlgan. Lekin bu kitoblarning barchasi konfutsiylik taʼlimoti asosida qayta ishlangan va Konfutsiy taʼlimotining mohiyatini ochishga xizmat qilib kelgan. „Toʻrt asos“ esa Konfutsiy „Hikmatlar“ asaridan tashqari, „Menzi“ („Men-muallim“), „Buyuk taʼlimot“ va „Oraliq haqidagi taʼlimot“ singari Konfutsiy shogirdlarining hikmatli soʻzlaridan tashkil topgan. Konfutsiy taʼlimoti markazida „Muruvvatli zot“ turadi. U hukmron tabaqaning ideal vakili boʻlib, Konfutsiy taʼlimoti yordamida oʻzida jamiyat farovonligini taʼminlaydigan va maʼnaviy asoslarini ifodalay oladigan oliyjanob fazilatlarni oʻzida shakllantirgan. Konfutsiyning „Hikmatlar“ asari „Muruvvatli zot“ning shunday yuksak insoniy fazilatlarini aks ettiradi. Aniqroq, bu zot oliy hukmdorga nisbatan chuqur ehtiromli, xalqqa esa muruvvatli boʻluvchi, butun kuch va qobiliyatini jamiyat oldidagi burchini oqlashga, milliy urf-odat va anʼanalarning toʻla-toʻkis bajarilishini taʼminlashga sarf etuvchi kishidir. Shuning uchun ham uning oʻgitlari, pand-u nasihatlari Xitoyda hanuzga qadar eʼzozlanib va qadrlanib keladi.

Manbalar

tahrir
  1. (unspecified title)
  2. Huang 2013, s. 3.
  3. Creel 1949, s. 25.
  4. Rainey 2010, s. 16.
  5. Переломов Л.С. Конфуций 1993.
  6. Dubs 1946, s. 275–276.
  7. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar

tahrir